O‘zbekiston | 09:23 / 30.04.2019
4281
6 daqiqa o‘qiladi

Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlari tasdiqlanadi

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

Pensiya va nafaqa tayinlanganligi holati to‘g‘risidagi ma'lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUK Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 avgustiga qadar:

ma'muriy reglamentlar bo‘yicha davlat xizmatlarini O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishini ta'minlaydi;

YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarni ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi;

bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa va dafn marosimi uchun nafaqalar tayinlash yuzasidan murojaatlar bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilishini ta'minlash maqsadida Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ma'lumotlar bazasini “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimi  bilan integratsiya qilinishi ta'minlaydi;

pensiyalar tayinlanganligi holati va ularning to‘lovi miqdorlari to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilishini ta'minlaydi.

Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladi va nafaqa puli AT “Xalq banki”ning tegishli filiallari tomonidan to‘lanadi.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.

Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi.

So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng, ariza beruvchi ma'lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani o‘z ERIsi bilan tasdiqlaydi.

O‘zi kelib murojaat etgan taqdirda so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati bo‘lmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.

Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun yig‘im undirilmaydi.

So‘rovnomada noto‘g‘ri ma'lumotlarning ko‘rsatilishi yoki uni tasdiqlashni rad etilishi davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rib chiqilmasdan qoldiriladi.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning so‘rovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilgach, 5 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.

Vakolatli organ tomonidan so‘rovnoma kelib tushgandan so‘ng 5 daqiqa mobaynida nafaqa puli tayinlanadi yoki rad etiladi hamda bu haqidagi ma'lumotni tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXPga elektron tarzda yuboradi. Nafaqa tayinlash rad etilganligi haqidagi ma'lumotda rad etish sabablari ko‘rsatiladi.

Vakolatli organ nafaqa pulini tayinlagan taqdirda, to‘lov qaydnomalarini shakllantirib, so‘rovnomada keltirilgan AT “Xalq banki”ning tegishli filialiga yuboradi hamda nafaqani bankning qaysi filialidan va qachon olishi mumkinligi to‘g‘risidagi ma'lumotni (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) Davlat xizmatlari markaziga yoki (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) ariza beruvchiga YaIDXP orqali elektron tarzda yuboradi.

Davlat xizmatlari markazi ma'lumot kelib tushgandan so‘ng 5 daqiqa mobaynida ariza beruvchini xabardor qiladi.

Mavzuga oid