O‘zbekiston | 16:41 / 20.08.2025
10412
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz surishtiruvdan so‘ng: ADWorld ta’sischisi Dilmurod Yusupov qamoqqa olindi

ADWorld firmasi Amerika, Angliya, Janubiy Koreya va Yevropaning boshqa davlatlarida ishga joylash va’dasi bilan yuzlab odamlarni chuv tushirgani haqida yozgandik. Toshkent shahar IIBBning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, firma ta’sischisi Dilmurod Yusupov ehtiyot chorasi sifati qamoqqa olingan. Jabrlanuvchilardan Chilonzor tuman IIO FMB Tergov bo‘limiga murojaat qilish so‘ralmoqda.

Foto: Kun.uz

Lisenziyasi bo‘lmay turib fuqarolarni xorijda ishga joylash bilan shug‘ullanib kelgan «ADWORLD GROUP» MChJ ishi nihoyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar e’tiboriga tushdi.

Kun.uz bunga qadar ADWorld haqida bir nechta surishtiruvlar chiqargan edi. Xususan, mashhur blogerlar yordamida o‘zini reklama qilib, mijozlarni to‘plagan firma kishi boshiga salkam 6 mlndan 26 mln so‘mgacha to‘lov qildirgan, ammo bu to‘lovga yarasha shartnomaviy xizmatlarini ko‘rsatmagan. Fuqarolar pullarini qaytarib ololmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgandi.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. «WORD OF MASTER» MChJ direktori Dilmurod Yusupovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. "ADWORLD GROUP" MChJ faoliyati shu jinoyat ishi doirasida o‘rganiladi.

Poytaxt IIBBning qo‘shimcha qilishicha, ADWorld’dan jabr ko‘rgan fuqarolar Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limiga uchrashishi kerak.

Avvalroq Migratsiya agentligi «ADWorld group» fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini litsenziyasiz amalga oshirganini aniqlagan va bu firmaga nisbatan 112 mln 500 ming so‘mlik jarima tayinlagan edi. Jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmagani sababli mablag‘ni sud orqali undirish ishlari boshlangan.

Kun.uz bilan suhbatda firma ta’sischisi va boshqaruvchisi bo‘lgan Dilmurod Yusupov bu faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanib bo‘lmasligini bilmaganini aytgandi.

ADWorld ishi tarmoqlarda bo‘y cho‘za boshlagach, ayrim blogerlar reklama sabab o‘z auditoriyasining aldanib qolishiga hissa qo‘shib qo‘yganidan xijolat bo‘lib, ular ko‘rgan zararni qoplashni boshlagan.

Mavzuga oid