Jamiyat | 10:31 / 16.05.2019
161951
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik vafot etdi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik vafot etdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar qilmoqda.

Manba xabariga ko‘ra, Tohir Malik shifoxonada bo‘lgan, oshqozon kasalligi bilan bog‘liq og‘ir jarrohlik amaliyotidan so‘ng o‘ziga kelmagan. Bildirilishicha, janoza marosimi bugun, 16 may kuni asr namozidan keyin bo‘lib o‘tadi. Yozuvchi «Ko‘kcha» qabristoniga dafn etiladi.

Tohir Malik (Tohir Abdumalikovich Hobilov) 1946 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbek fantastikasining asoschilaridan biri. Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan (1969). 

Birinchi yirik asari — «Hikmat afandining o‘limi» (1972). «Zaharli g‘ubor» (1974), «Falak» (1975), «Somon yo‘li elchilari» (1978), «Chorrahada qolgan odamlar» (1982), «Bir ko‘cha, bir kecha» (1983), «Alvido, bolalik» (1989), «So‘nggi o‘q» (1990), «Ov» (1995) kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashhur.

«Shaytanat» romani yozuvchining yirik asarlaridandir. Asar asosida ko‘p seriyali telefilm yaratilgan. «Jinoyatning uzun yo‘li» (2004) ilmiy-tahliliy risolasi, «Mehmon tuyg‘ular» (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar to‘plami ham bor. Uning «Amir Temur davri adabiyoti» (1998), «Varaxsha», «Unvoni inson» (1999), «Sohilsiz dengiz» (2000), «Zulmat saltanati» (2001), «Moshtabib» (2002) ssenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan.

Rus yozuvchisi F. M. Dostoyevskiyning «Ma'suma» qissasini, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Tohir Malikka O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni 2000 yilda berilgandi.

Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

Mavzuga oid