O‘zbekiston | 17:28 / 12.06.2024
13326
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston haqida noma’qul gap aytgan chet elliklarning O‘zbekistonga kirishi taqiqlanadi

Deputatlar ishlab chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini tahqirlovchi gaplar aytgan chet el fuqarolari O‘zbekistonga kiritilmaydi, agar ular O‘zbekistonda bo‘lsa, deportatsiya qilinadi va qator taqiqlarga duchor bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Qonunchilik palatasi axborotiga ko‘ra, bunga – O‘zbekistonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash zarurati sabab bo‘lgan.

Loyiha bilan Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya, Polsha, Belarus, XXR kabi davlatlar tajribasidan kelib chiqib, qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

Birinchidan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishini nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda.

Mazkur shaxslar tomonidan quyidagi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topish uchun asos bo‘ladi:

– O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan; davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi; O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi.

Ikkinchidan, mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 yil davomida quyidagilar taqiqlanadi:

– O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish.

Uchinchidan, O‘zbekistonda vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki vaqtincha turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilishi uning O‘zbekiston hududida qonuniy asoslarda yashash va bo‘lish huquqini bekor qilishga hamda mazkur shaxs deportatsiya qilishga sabab bo‘ladi.

To‘rtinchidan, qonun loyihasida mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi nazarda tutilgan.

Xususan, shaxs mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilganligi to‘g‘risida Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan e’tiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, ya’ni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.

“Qonun loyihasi O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, yurtimizda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan”, – deyiladi rasmiy relizda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir necha oy davomida rossiyalik bir qator rasmiylar va propagandachilar, xususan Zaxar Prilepin, Mixail SmolinMixail Delyagin, Yevgeniy FyodorovPyotr Tolstoy va boshqalar O‘zbekiston va o‘zbek xalqi sha’niga qaratilgan tahdid va yolg‘on bayonotlari bilan O‘zbekiston jamoatchiligi g‘azabiga sabab bo‘lgan, qator faollar rasmiylarni bunday shaxslarning O‘zbekistonga kirishini taqiqlashga chaqirgan edi.

Mavzuga oid