Jahon | 20:49 / 02.05.2019
66129
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Putinga javob qaytardi

Foto: RIA Novosti/Maksim Bogodvid

Ukrainaning saylangan prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya va Ukraina o‘rtasida chegaradan bo‘lak hech qanday umumiy narsa qolmaganini aytdi.

U Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ikki davlat xalqlari o‘rtasida ko‘p umumiy jihatlar borligi haqidagi so‘zlariga shunday izoh berdi. Siyosatchining aytishicha, Ukraina Qrimdan ayrilgani va Donbassdagi tajovuzga uchragani sabab ikki davlat o‘rtasida chegaradan bo‘lak umumiy narsa yo‘q.

Zelenskiyning ta'kidlashicha, Rossiya Ukrainaga har bir millimetr yerni qaytarib berishi kerak.  

U, shuningdek, Ukrainaga neft mahsulotlari eksporti taqiqlanishi, Donbass aholisi uchun pasportlar berilishi punktlari ochilishi, ukrainalik dengizchilarning Kerch bo‘g‘ozida ushlanishi kabi Rossiya tomonidan qabul qilingan qarorlarni eslab o‘tgan. “Bunday munosabatlarni aniq qardosh deb bo‘lmaydi”, deb aytgan bo‘lg‘usi prezident.  

29 aprelda Putin Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tishi istiqbollariga to‘xtalib, rossiyaliklar va ukrainaliklar umumiy fuqarolikka ega bo‘lsalar, bundan “faqatgina yutishlarini” aytgan. Bundan bir necha kun avval esa Rossiya prezidenti barcha ukrainaliklarga soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini berish g‘oyasini aytib o‘tgan va Zelenskiyning keskin munosabatiga sabab bo‘lgan. Ukrainaning bo‘lg‘usi prezidenti bunga javoban Kiyev “zulmkor va korrupsiyalashgan tuzumlardan aziyat chekuvchi barcha xalqlar vakillariga” Ukraina fuqaroligi berilishini aytgan.

Mavzuga oid