Jamiyat | 18:40 / 25.02.2018
49983
12 daqiqa o‘qiladi

«O‘qituvchini buxgalterlikdan qutqaring!». Ta'lim tizimi muammolari haqida

Maktabga yangi kirgan yillarim bir yoshi katta ustoz men kabi yosh o‘qituvchilarga g‘amxo‘rlik bilan bir gap aytgandi: «Sizlar o‘qituvchiga qiyin davrda kirib keldingiz, ilgari bunchalar qog‘ozbozliik yo‘q edi».

Avval tushunmagandik, ishlash jarayonida bu gapni yaxshilab tushunib oldik. Mana shu qog‘ozlarni to‘ldirish o‘qituvchining asosiy ishi bo‘lishi kerak degan xulosaga ham keldim. Keyinchalik angladimki, bu qog‘ozbozliklar avj olishi davrini boshlab bergan qaror qabul qilingan davr mening ilk jo‘shqin pedagogik faoliyatimga to‘g‘ri kelgan ekan. Undan oldin bunday qog‘oz to‘ldirishlar va hisobotlar bunchalar darajada emasligini tajribali ustozlar suhbatida ko‘p eshitdim. Kechagidek eslayman: oylik olish uchun 18ta daftar tutilgan, har oyda o‘sha daftarlarni ma'lumotlar bilan to‘ldirib zovuchga ko‘tarib olib kirardim, u esa katta daftarini ochib, jadval bo‘yicha o‘qib turardi, men o‘sha daftarlarimni unga ko‘rsatib berib turardim, bo‘lganini «+» qilib belgilar, chalasini «–» qilardi, yana chiqib ketib, qolganini to‘ldirardim. «Vedemost» topshirilguncha ulgurmasam oylikdan o‘shancha soat kesilardi… ehheye o‘sha kunlar… bizku yosh edik, uncha sezilmay yugurib-yugurib yozib, chizib eplagan ekanmiz, lekin nafaqaga yaqin qolgan ustozlar tinim bilmay yozganlarini hozir eslasam, o‘sha davr zavuchlarining «spiska» daftarlarini yoqib tashlagim kelib ketadi…

Men hozir 2005 yili qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi «Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 275-sonli qarori haqida fikr bildirmoqchiman.

Ushbu qaror haqida juda ko‘p tajribali ustozlar fikrini tingladim, qarorning yaxshi tomoni shundaki, bu qarorda yaxshi ishlagan ustoz murabbiylarning mehnatini rag‘batlantirishning mexanizmi ishlab chiqilgan, «Direktor jamg‘armasi» deb nomlanadi. Unga ko‘ra mehnat jabhasida yaxshi ishlagan o‘qituvchi kelasi yilda 15-40 foizgacha ustama (o‘z oyligiga nisbatan) qo‘shimcha haq oladi har oyda. Bu ba'zi maktablarda maktab direktorlari o‘zi istagan kishilarni rag‘batlantirayotgan hollarni eshitganimizni hisobga olmasak, umuman olganda, minglab yaxshi ishlagan ustozlar uchun yaxshi bo‘lgandi. Lekin bu qaror birgina ustama uchun emas, balki umumiy pedagoglarga ish haqi to‘lashning bir stavka dars beruvchi pedagog uchun 1548 soatlik ish yuklamani bajarish va qog‘ozda ko‘rsatish majburiyatini, mezonini belgilab bergan ediki, bularni amalga oshirish uchun istaymizmi, yo‘qmi, o‘qituvchi hisobot-u qog‘ozlarga ko‘milib qolishiga olib keldi. Aytsam ishonmaysiz, o‘sha 1548 soatlik yuklama grafalarida dars soatidan boshlab har bir ishingizga necha soat ajratishingizgacha hisoblab, oylik, yillik jami soatga to‘g‘ri keladigan qilib hisoblab chiqishingiz va yil davomida shularni bajarib yurishingiz kerak. Bir hisobga to‘g‘ri o‘ylangandek ko‘rinadi, qulay. Kimga qulay bilasizmi, kelgan tekshiruvchiga qulay. Keladi, yillik yuklamangizni oladi, xo‘sh, falon oyda falon tadbirga 2 soat ajratibsiz, qani uning surati, hisoboti, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga shuncha soat ajratibsiz, qani uning rejasi, konspekti, deydi, ko‘radi, osongina belgilaydi va yoki yo‘q deya «kesadi». Naqadar qulaymi? Ishonasizmi, shunday o‘qituvchilarni ko‘rdimki, tekshirganda kesmasin deya, o‘sha grafaning tashkiliy bo‘lim, degan qismida qilingan ishlarini isbotlash uchun maktab obodonchilik ishlarida yoki shanbaliklarida qatnashayotgan paytlarida suratga tushib, chiqarib, shuncha soat maktab uchastkasida ishladim, deya hisobotlar yozishgan. Ushbu qaror shu darajada pedagoglar va rahbariyat orasida ommalashib ketdiki, xuddiki, pedagoglarga oylik to‘lashning boshqa uslubi yo‘q, degan fikr ko‘pchilikning ongiga singidi. Oradan 13 yil o‘tdi. Juda ko‘p sohalarda eski qarorlar zamon talabiga javob bermayapti, deya yangidan ishlab chiqildi yoki to‘ldirildi. Ushbu qaror chiqqandan so‘ng 10 yilcha o‘tibgina Xalq ta'limi Vazirining 2016 yil 4 fevraldagi 33-buyrug‘i chiqarildi. Unda o‘qituvchi uchun 6ta asosiy ish hujjati sanab o‘tildi, bular: yillik ish reja (men yuqorida aytib o‘tgan asosiy soatma-soat nafas olganingizni ko‘rsatib hisoblab berishingiz kerak bo‘lgan 1548 soatlik ish reja), mavzuviy ish reja, dars konspekti, dars tahlil daftari, jurnal. Ajoyib o‘zgarish, har holda 10 yil qog‘ozbozlikdan zerikkan pedagoglar uchun. Lekin… mana shu lekin bo‘lmaganda qaniydi, lekin bu buyruq chiqqaniga 2 yil o‘tgan bo‘lsa ham kelgan moliyaviy komissiyalar turli hisobotlarni so‘rashda davom etishiga kimni aybdor deyish mumkin? Buyruqda yillik ish reja ko‘rsatilgan, o‘sha rejada siz anavi qilgan ishlaringizni qanday isbotlaysiz, hujjatlarni ko‘rsating, degan tekshiruvchilarmi yoki o‘z xodimlarining huquqlarini himoya qilib olmagan, komissiyadan qaltiraydigan direktorlarmi? Menimcha, o‘qituvchilarning o‘zida ham ayb bor, huquqiy axborotlarni o‘z vaqtida kuzatib borishmaydi. Shu kabi hech bo‘lmasa, o‘z sohasiga doir huquqiy normativ hujjatlarni bilmagani tufayli haligacha 33-buyruqda katta qilib «qisqartirilgan» deb yozilgan hujjatlarni ham to‘ldirib yurgan o‘qituvchilar bor.

Lekin men yuqorida takidlamoqchi bo‘lganim, o‘qituvchilikka ilk kirib kelganimdan duch kelib bajarib kelayotgan, Vazirlar Mahkamasining 2005 yili qabul qilingan qarorini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati hozirgi zamonda eng dolzarb vazifadir. Nahotki, pedagog xodimlarga oylik ish haqi to‘lashning boshqa usuli yo‘q bo‘lsa? Bor, faqat uni izlab topish mumkin, o‘qituvchining hisobot va qog‘ozlariga qaramasdan amaliy natijasiga qarab ish haqi to‘lash mexanizmlarini dunyoning rivojlangan davlatlari tizimidan topsa bo‘ladi. O‘qituvchilardan amaliy natija talab qilishdan avval shunga mos qonun hujjatlari bilan ularning erkinliklari va ijodiy ishlarini rag‘batlantiruvchi, shablon va majburiyatlardan xoli ish mexanizmini joriy qilish kerak. E'tibor bering, men hozir ijtimoiy tarmoqlar va televideniyeda baralla aytilayotgan o‘qituvchilar oyliklarini oshirish va yoki majburiy mehnatlarga jalb qilmaslik xaqida gapirmayapman (ular xaqida men qoldim xolos aytmagan va bu gaplar amalga oshsa, ta'lim tizimida ijobiy portlash effekti ro‘y bergan bo‘lardi), shunchaki, o‘qituvchining bevosita kundalik ish jarayonini yengillashtiruvchi normativ hujjatlarni so‘ramoqdaman.

Prezident ham «Menga qog‘ozlaring, hisobotlaring kerak emas, menga amaliy natijalaring kerak» deya ta'lim tizimi rahbarlariga o‘rnak bo‘lmadimi? Mana shunday bo‘lsagina, kelajakda biz faqat qog‘ozlarda «a'lo»ga o‘qitib, aslida zo‘rg‘a maktabni bitirgizib yuborgan o‘quvchilarimiz emas, ko‘zlari yonib turgan, bilimi bilan dunyoning istalgan davlati bolalari bilan bellasha oladigan, ustozidan rozi bo‘lgan (!) avlodni yetishtirib chiqaramiz.

Hurmatli deputatlar! Keling, o‘qituvchini buxgalterlikdan qutqaring, Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarorga o‘zgartirish kiritadigan, o‘qituvchini hisobot-u qog‘ozlardan qutqaradigan, amaliy ish qilishga undaydigan mexanizm taklif qiling,.

Xurmatli Xalq ta'limi Vazirligi rahbariyati, iltimos, o‘z xodimlaringizni bo‘lgan-bo‘lmagan qog‘ozbozliklardan qutqarib, ularni o‘z ustida va o‘quvchi bilimi ustida chalg‘imasdan ishlab oylik ola oladigan buyruq ishlab chiqing, Prezidentimizga bizning qog‘ozlarimiz emas, ziyoli, bilimli avlod kerak, axir siz-u bizning eng birlamchi  vazifamiz shu, yuksak rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalanib, ta'lim xodimlariga ish haqi to‘lashning eng yaxshi usulini joriy eting.

Aziz tekshiruvchilar, keling bizdan bir kunda, bir oyda necha soat ish qilganimiz haqidagi hisobotlar so‘rab, bizni asosiy vazifamiz, bolalar bilan ishlashdan chalg‘itib, qog‘oz to‘ldirishga majbur qilavermang, bilasizmi, siz kelishingizga tayyorlab qo‘yadiganimiz bir dunyo hujjatlarni qachon, kimlarning vaqtidan yo‘nib tayyorlayotganimizni? O‘quvchilarimizga sarflashimiz kerak bo‘lgan vaqtimizda, oilamizga ajratishimiz kerak bo‘lgan vaqtimizda yozib to‘ldiryamiz bu qog‘ozlarni. Shunda ham qayerdan xato toparkin, deya qo‘rqib kutamiz sizlarni. Biz siz uchun ishlashimiz kerakmi yoki o‘quvchilar uchunmi? Biz statist emasmiz, biz buxgalter emasmiz, biz o‘qituvchimiz, biron mavzuni tushuntirib, oxiriga yetkizib olgunimizcha ham qanchalar ko‘p mehnat qilishimizni tasavvur qilsangiz qaniydi…

Bir o‘qituvchimiz aytgan gapi hech esimdan chiqmaydi: «oldimizda ikki yo‘l turibdi, yoki o‘sha hujjatlarini qilamiz, yoki bilim beramiz». Bu gap ortida qanchalar katta ma'no va haqiqiy holat yotganini siz tasavvur qilasizmi?

Hurmatli hamkasblar, zahmatkashlar, siz-u biz ulkan o‘zgarishlar davrida yashamoqdamiz, biz hammasiga ulgurishga harakat qilyapmiz, hamma hammasiga. Bu qanchalar qiyin bo‘layotganini bu sohada ishlayotganlar his qilib turibdi. Umid qilamiz va ishonamizki, bugun-erta bu kabi hujjatbozliklarga barham beriladi, bunday tizim bilan rivojlanib bo‘lmasligini prezidentimiz ko‘p bora ta'kidlamoqda. Demak, hammasi yaxshi tomonga o‘zgaradi! Lekin sizdan iltimos, nima bo‘lganda ham bizning yagona burchimiz, bolalarga vijdonan bilim berishdan nima bo‘lganda ham to‘xtamang, mayli, o‘sha ba'zi hujjatlarni to‘ldirishga ulgurmasangiz, ularni to‘ldirmang, lekin ularni to‘ldiraman, oyligimdan qirqilmasin, deya bilim berishni esdan chiqarmang, ertaga o‘quvchilaringiz hujjatlaringizni emas, berilgan bilimlarni eslab yurishadi.

Isroil Tillaboyev

Xalq ta'limi a'lochisi

Mavzuga oid