Maktabga yangi kirgan yillarim bir yoshi katta ustoz men kabi yosh o‘qituvchilarga g‘amxo‘rlik bilan bir gap aytgandi: «Sizlar o‘qituvchiga qiyin davrda kirib keldingiz, ilgari bunchalar qog‘ozbozliik yo‘q edi».

Avval tushunmagandik, ishlash jarayonida bu gapni yaxshilab tushunib oldik. Mana shu qog‘ozlarni to‘ldirish o‘qituvchining asosiy ishi bo‘lishi kerak degan xulosaga ham keldim. Keyinchalik angladimki, bu qog‘ozbozliklar avj olishi davrini boshlab bergan qaror qabul qilingan davr mening ilk jo‘shqin pedagogik faoliyatimga to‘g‘ri kelgan ekan. Undan oldin bunday qog‘oz to‘ldirishlar va hisobotlar bunchalar darajada emasligini tajribali ustozlar suhbatida ko‘p eshitdim. Kechagidek eslayman: oylik olish uchun 18ta daftar tutilgan, har oyda o‘sha daftarlarni ma'lumotlar bilan to‘ldirib zovuchga ko‘tarib olib kirardim, u esa katta daftarini ochib, jadval bo‘yicha o‘qib turardi, men o‘sha daftarlarimni unga ko‘rsatib berib turardim, bo‘lganini «+» qilib belgilar, chalasini «–» qilardi, yana chiqib ketib, qolganini to‘ldirardim. «Vedemost» topshirilguncha ulgurmasam oylikdan o‘shancha soat kesilardi… ehheye o‘sha kunlar… bizku yosh edik, uncha sezilmay yugurib-yugurib yozib, chizib eplagan ekanmiz, lekin nafaqaga yaqin qolgan ustozlar tinim bilmay yozganlarini hozir eslasam, o‘sha davr zavuchlarining «spiska» daftarlarini yoqib tashlagim kelib ketadi…

Men hozir 2005 yili qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi «Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 275-sonli qarori haqida fikr bildirmoqchiman.

Ushbu qaror haqida juda ko‘p tajribali ustozlar fikrini tingladim, qarorning yaxshi tomoni shundaki, bu qarorda yaxshi ishlagan ustoz murabbiylarning mehnatini rag‘batlantirishning mexanizmi ishlab chiqilgan, «Direktor jamg‘armasi» deb nomlanadi. Unga ko‘ra mehnat jabhasida yaxshi ishlagan o‘qituvchi kelasi yilda 15-40 foizgacha ustama (o‘z oyligiga nisbatan) qo‘shimcha haq oladi har oyda. Bu ba'zi maktablarda maktab direktorlari o‘zi istagan kishilarni rag‘batlantirayotgan hollarni eshitganimizni hisobga olmasak, umuman olganda, minglab yaxshi ishlagan ustozlar uchun yaxshi bo‘lgandi. Lekin bu qaror birgina ustama uchun emas, balki umumiy pedagoglarga ish haqi to‘lashning bir stavka dars beruvchi pedagog uchun 1548 soatlik ish yuklamani bajarish va qog‘ozda ko‘rsatish majburiyatini, mezonini belgilab bergan ediki, bularni amalga oshirish uchun istaymizmi, yo‘qmi, o‘qituvchi hisobot-u qog‘ozlarga ko‘milib qolishiga olib keldi. Aytsam ishonmaysiz, o‘sha 1548 soatlik yuklama grafalarida dars soatidan boshlab har bir ishingizga necha soat ajratishingizgacha hisoblab, oylik, yillik jami soatga to‘g‘ri keladigan qilib hisoblab chiqishingiz va yil davomida shularni bajarib yurishingiz kerak. Bir hisobga to‘g‘ri o‘ylangandek ko‘rinadi, qulay. Kimga qulay bilasizmi, kelgan tekshiruvchiga qulay. Keladi, yillik yuklamangizni oladi, xo‘sh, falon oyda falon tadbirga 2 soat ajratibsiz, qani uning surati, hisoboti, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga shuncha soat ajratibsiz, qani uning rejasi, konspekti, deydi, ko‘radi, osongina belgilaydi va yoki yo‘q deya «kesadi». Naqadar qulaymi? Ishonasizmi, shunday o‘qituvchilarni ko‘rdimki, tekshirganda kesmasin deya, o‘sha grafaning tashkiliy bo‘lim, degan qismida qilingan ishlarini isbotlash uchun maktab obodonchilik ishlarida yoki shanbaliklarida qatnashayotgan paytlarida suratga tushib, chiqarib, shuncha soat maktab uchastkasida ishladim, deya hisobotlar yozishgan. Ushbu qaror shu darajada pedagoglar va rahbariyat orasida ommalashib ketdiki, xuddiki, pedagoglarga oylik to‘lashning boshqa uslubi yo‘q, degan fikr ko‘pchilikning ongiga singidi. Oradan 13 yil o‘tdi. Juda ko‘p sohalarda eski qarorlar zamon talabiga javob bermayapti, deya yangidan ishlab chiqildi yoki to‘ldirildi. Ushbu qaror chiqqandan so‘ng 10 yilcha o‘tibgina Xalq ta'limi Vazirining 2016 yil 4 fevraldagi 33-buyrug‘i chiqarildi. Unda o‘qituvchi uchun 6ta asosiy ish hujjati sanab o‘tildi, bular: yillik ish reja (men yuqorida aytib o‘tgan asosiy soatma-soat nafas olganingizni ko‘rsatib hisoblab berishingiz kerak bo‘lgan 1548 soatlik ish reja), mavzuviy ish reja, dars konspekti, dars tahlil daftari, jurnal. Ajoyib o‘zgarish, har holda 10 yil qog‘ozbozlikdan zerikkan pedagoglar uchun. Lekin… mana shu lekin bo‘lmaganda qaniydi, lekin bu buyruq chiqqaniga 2 yil o‘tgan bo‘lsa ham kelgan moliyaviy komissiyalar turli hisobotlarni so‘rashda davom etishiga kimni aybdor deyish mumkin? Buyruqda yillik ish reja ko‘rsatilgan, o‘sha rejada siz anavi qilgan ishlaringizni qanday isbotlaysiz, hujjatlarni ko‘rsating, degan tekshiruvchilarmi yoki o‘z xodimlarining huquqlarini himoya qilib olmagan, komissiyadan qaltiraydigan direktorlarmi? Menimcha, o‘qituvchilarning o‘zida ham ayb bor, huquqiy axborotlarni o‘z vaqtida kuzatib borishmaydi. Shu kabi hech bo‘lmasa, o‘z sohasiga doir huquqiy normativ hujjatlarni bilmagani tufayli haligacha 33-buyruqda katta qilib «qisqartirilgan» deb yozilgan hujjatlarni ham to‘ldirib yurgan o‘qituvchilar bor.