O‘zbekiston | 19:23 / 27.10.2021
14493
2 daqiqa o‘qiladi

G‘alla yetishtirish tizimi to‘liq bozor munosabatlariga o‘tkaziladi

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning borishi, klasterlar oldidagi muammoli masalalar va ularning yechimlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev g‘alla yetishtirish tizimi kelgusi yildan to‘liq bozor munosabatlariga o‘tkazilishini ma’lum qildi.

«G‘alla yetishtirish tizimi kelgusi yildan to‘liq bozor munosabatlariga o‘tkaziladi. Avvalambor, kelgusi yildan ekinlarni joylashtirish tartibi saqlangan holda, g‘allachilik klasterlari va fermerlarga yetishtirgan bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi.

Bunda, har bir g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari 3 yil davomida har yilgi hosildan gektariga 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga erkin narxlarda chiqaradi. Qolgan hosilni esa to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish huquqi beriladi.

Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan g‘alla yetishtirishni imtiyozli kreditlash tartibi kelgusi 3 yilda saqlab qolinadi va bunga yiliga 5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Jamg‘arma 2,5 million tonna g‘allani birjadan bozor narxlarida davlat zaxirasi uchun sotib oladi.

Sotib olingan zaxira g‘alla donni saqlash quvvatlari mavjud g‘allachilik klasterlariga, tanlov asosida saqlash uchun joylashtiriladi.

Shuningdek, «O‘zdonmahsulot» tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari negizida g‘alla klasterlari tashkil etish uchun, ular ochiq savdolarga chiqariladi.

Yana bir masala – joriy yilda davlat zaxirasiga sotib olingan g‘alla hisobiga, klasterlarning qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun, har bir kilogramm bug‘doyga 350 so‘mdan, jami 800 milliard so‘m ajratiladi», dedi prezident.

Mavzuga oid