Jamiyat | 10:20 / 12.10.2017
31762
5 daqiqa o‘qiladi

Kim va qanday tartibda harbiy kafedraga qabul qilinadi?

Foto: Norma.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 oktabrdagi qarori bilan oliy ta'lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlaydigan harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari o‘z maqomiga ko‘ra, Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalariga tenglashtiriladi. OTMning kunduzgi bo‘limida o‘qiyotgan erkak talabalar, shuningdek tibbiy OTM talabalari jinsidan qat'i nazar harbiy tayyorgarlikdan o‘tadilar. Harbiy tayyorgarlikka 27 yoshgacha bo‘lgan, salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli va saralash tanlovidan o‘tgan talabalar jalb etiladi.

Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida OTM talabalari orasidan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash quyidagicha tashkil etiladi:

“Chaqiriqqacha harbiy ta'lim” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan harbiy ta'lim fakultetlarida – 2 yil davomida, 2 va 3-kurslarda;

tibbiy OTM harbiy kafedralarida – 2 yil davomida bir yil, 3 va 4-kursda;

qolgan OTM harbiy kafedralarida – bir yil, 3-kursda.

Talabalar harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun tanlov asosida saralab olinadi: 

“Chaqiriqqacha harbiy ta'lim” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan harbiy ta'lim fakultetlarida – abituriyentlarning OTMga o‘qishga kirishida o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihon davomida;

tibbiy OTM harbiy kafedralarida – OTMda ta'lim olishning ikkinchi kursi oxirida saralash tanlovi jarayonida;

qolgan OTM harbiy kafedralarida – OTMda ikkinchi kurs oxirida saralash tanlovi jarayonida.

Kasbiy (ijodiy) imtihon topshirishga O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan; shaxsiy arizalariga binoan (OTM rektori nomiga, o‘zi yozgan) ixtiyoriy ravishda harbiy tayyorgarlikni o‘tash istagini bildirgan abituriyentlarga ruxsat beriladi.

Saralash tanloviga: O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan; shaxsiy arizalariga binoan (OTM rektori nomiga, o‘zi yozgan) ixtiyoriy ravishda harbiy tayyorgarlikni o‘tash istagini bildirgan; salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli talabalarga ruxsat beriladi.

Quyidagilar harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida ta'lim olish uchun talabalarni saralash tanlovining asosiy mezonlari hisoblanadi: 

tibbiy ko‘rik;

shaxsiy-ruhim o‘rganish;

OTMda ta'lim olish jarayonida o‘zlashtirilgan bilim darajasi natijalari;

umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;

chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash.

Talabalarning harbiy xizmatga yaroqliligini tekshirish bo‘yicha tibbiy ko‘rik OTM joylashgan joydagi mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmaning (bo‘lim) tibbiy komissiyalari tomonidan harbiy ta'lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘ining so‘rovnomasiga binoan belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Alohida psixologik o‘rganish Mudofaa vazirligi ruhshunos mutaxassislari tomonidan test o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. OTMda ta'lim olish jarayonida o‘zlashtirilgan bilim darajasini baholash natijasi OTMdagi harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga qabul qilishdan oldingi o‘qish davrida to‘plangan ballar yig‘indisidan tashkil topadi. Talabalarning umumjismoniy tayyorgarligi Mudofaa vazirligi mutaxassislari tomonidan baholanadi. Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha bilim darajasi test o‘tkazish usuli yordamida baholanadi. 

Harbiy tayyorgarlik

Talabalar harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga saralash tanlovi natijalari bo‘yicha qabul qilinadi. OTM talabalarining harbiy tayyorgarligi uchun 528 soat, shu jumladan OTMdagi auditoriya mashg‘ulotlari uchun 450 soat va o‘quv yig‘inlari uchun 78 soat vaqt ajratiladi. Mashg‘ulotlar harbiy ta'lim fakulteti boshlig‘i tomonidan o‘rnatilgan kun tartibiga muvofiq harbiy kun usulida o‘tkaziladi. Bunda o‘quv mashg‘ulotlari uchun kuniga 6-8 soat ajratiladi. O‘quv yig‘inlarining davomiyligi 15 kalendar kunni tashkil qiladi. 

Harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini topshirgan va bakalavriatning to‘liq kursini muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarga belgilangan tartibda “leytenant” harbiy unvoni beriladi va ular haqiqiy harbiy xizmatga chaqiriladi yoka rezerv yoxud zaxiraga o‘tkaziladi. 

Mavzuga oid