Jahon | 20:40 / 28.02.2018
78855
2 daqiqa o‘qiladi

Sobchak debatlar vaqtida Jirinovskiyga suv sepib yubordi (video)

Foto: Foto : Rossiya 1

Rossiya prezidenti lavozimiga nomzod Kseniya Sobchak “Rossiya 1” telekanalidagi saylovoldi debatlari vaqtida Rossiya Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiyga stakanidagi suvni sepib yubordi.

Siyosatchilar o‘rtasidagi mojaro boshqa bir nomzod – Sergey Baburin chiqishi vaqtida yuz berdi. Jirinovskiy Baburinga ajratilgan vaqtda uning chiqishiga aralashgan. Sobchak Jirinovskiyni tinchlanishga chaqirgan, biroq Jirinovskiy bunga javoban Sobchakni “ahmoq” deb atagan.

“Ko‘chadan bu yerga bozorchi qizlarni olib kelish kerakmas. Barcha illat shu. “Uy-2” – u yerda buzuqchilik. Ovozini o‘chirsin”, deb aytgan Jirinovskiy.

“Uy-2” ishtirokchilari o‘zlarini sizdan odobliroq tutishadi”, deb javob qilgan Sobchak.

Shunda Jirinovskiy Sobchakni haqorat qilishda davom etgan va Sobchak oxiri chidolmay stakanidagi suvni yonidagi Jirinovskiyga sepib yuborgan. 

Shundan keyin Jirinovskiy “Ana ko‘rdingizmi, ahmoqni. Olib chiqib ketlaring uni bu yerdan”, deb battar jazavaga tushgan.

“O‘zingizni odobliroq tuting. Men faqatgina sizning usulingizdan foydalandim”, deb javob qilgan Sobchak. 

28 fevraldagi debatlar Rossiyaning mudofaa qobiliyati va armiyasiga bag‘ishlangandi. Unda 8 kishi: Sergey Baburin, Pavel Grudinin, Vladimir Jirinovskiy, Kseniya Sobchak, Maksim Suraykin, Boris Titov, Grigoriy Yavlinskiy ishtirok etgan.

Rossiyada navbatdagi prezident saylovlari 18 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid