Jahon | 19:27 / 27.10.2022
17038
7 daqiqa o‘qiladi

Sobchak Rossiyadan qochdi, uning vakillari tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olindi

Rossiyalik teleboshlovchi va siyosatchi Kseniya Sobchak Rossiyani tark etdi va hozirda Litvada bo‘lib turibdi. Rossiya nashrlari Sobchak uning tijoriy direktori Kirill Suxanovga nisbatan ochilgan tovlamachilik bo‘yicha jinoiy ish doirasida qo‘lga olinishi kerak bo‘lgani, maxsus xizmatlarga bu borada topshiriq berilgani haqida yozishdi.

Foto: Getty Images

«U Litvada. Isroil fuqarosi bo‘lgani uchun unga viza ham kerak emas. Adashmasam, bu yerda 90 kungacha qolishi mumkin», dedi Litva xavfsizlik departamenti rahbari Daryus Yaunishkis.

Sobchak hali Rossiyadan chiqib ketish sababini izohlagani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda Sobchak Litva chegarasini piyoda bosib o‘tgani tasvirlangan kadrlar tarqaldi. Rossiya davlat nashrlari esa Sobchak mamlakatni tark etganini o‘zlarining maxsus xizmatlardagi manbalariga tayanib yozishmoqda.

«U Moskvadan seshanba kuni tunda chiqib ketgan. Bir kun oldin Dubayga, keyin Turkiyaga aviachipta sotib olgan. Buni tezkor xodimlarni chalg‘itish uchun qilgan. Oxir-oqibat Litvaga Belarus orqali o‘tgan», deb noma’lum manbaning nomini keltirgan TASS Rossiya davlat axborot agentligi.

TASS va Russia Today nashrlari manbalari Sobchak tovlamachilik ishi bo‘yicha jinoiy ish figuranti sifatida gumonlanayotganini tasdiqlagan.

Sobchakning direktoriga qarshi ayblov

Chorshanba kuni kechqurun Mokvadagi Tver sudida Kseniya Sobchakning tijoriy direktori Kirill Suxanov ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Sud uni ikki oyga jazoni ijro etish koloniyasiga jo‘natishga qaror qildi. Sudda aytilgan ish hujjatlaridan ma’lum bo‘ladiki, Suxanov «Rostex» rahbari Sergey Chemezovdan 11 million rubl pulni tovlamachilik yo‘li bilan olishda ayblanmoqda.

Tergov hujjatlarida iddao qilinishicha, Suxanov bu pullarni «Tushite svet» Telegram-kanalida Chemezov haqida salbiy xabar chiqarmaslik uchun olgan. Sudda aytilishicha, Suxanov go‘yoki Chemezovning vakillaridan 800 ming rubl olayotganda qo‘lga olingan.

Rossiyadagi yangiliklarni berib boruvchi «112» Telegram-kanal ishda jabrlanuvchi sifatida Vasiliy Brovko ko‘rsatilgani haqida yozdi. U «Rostex» maxsus topshiriqlari bo‘yicha direktor va rossiyalik teleprodyuser Tina Kandelakining eri hisoblanadi. «Mediazona»ning yozishicha, Suxanov sudda jabrlanuvchidan kechirim so‘rashga va 800 ming rubl olganini tan olishga rozi bo‘lgan.

Foto: VLADIMIR GERDO/TASS

Sud ishidan ma’lum bo‘ladiki, Suxanov Moskvadagi «Arbat» mehmonxonasida joylashgan Regent restoranida qo‘lga olingan. OAVda yozilishicha, Suxanovdan tashqari «Tatler» sobiq bosh muharriri Arian Romanovskiy (Kuzmin) ham qo‘lga olingan. Uning advokati mijozi ham tovlamachilikda ayblanayotganini tasdiqladi.

Suxanov qo‘lga olinganidan keyin Sobchakning kanalida teleboshlovchi uning tijoriy direktoriga nisbatan ayblovga ishonmasligi, bu safsata ekani, tezda barchasini aniqlashtirishi haqida bayonot paydo bo‘ldi. «Bu zulm qilinmay qolgan Rossiyadagi oxirgi mustaqil manba bo‘lmish mening tahririyatimga nisbatan hujumga o‘xshayapti. Umid qilaman, bunday emas va bu shunchaki tushunmovchilik sabab yuzaga kelgan», deb yozdi Sobchak.

Sobchakning mediaholdingi

Kseniya Sobchak 1990-yillarda Vladimir Putinning ustozi va hamkasbi bo‘lgan, Sankt-Peterburg sobiq meri Anatoliy Sobchakning qizi hisoblanadi. Uzoq yillar Rossiya telekanallarida boshlovchi bo‘lib ishlagan, mashhur shoularni olib borgan. 2011 yil Rossiya Davlat dumasiga o‘tkazilgan saylovlardan keyin Rossiya hukumatiga qarshi namoyishlarda ishtirok etgan. Natijada Rossiya muxolifatining ta’sis hay’atiga kirgan.

Bir necha yil «Dojd» telekanalida (hozirda Rossiyada «chet el agenti» deb topilgan) muxbir bo‘lib ishlagan, Putin ishtirokidagi matbuot anjumanlarida qatnashgan.

2018 yil Sobchak Rossiya prezidentligi uchun saylovlarda ishtirok etdi. OAVda uning nomzodi Kreml bilan kelishilgani, Moskva bu orqali go‘yoki saylovda muxolifat vakillari ham ishtirok etayotganini ko‘rsatishga uringani haqida yozgandi. Sobchakning o‘zi esa bu iddaolarni rad etgan.

Jurnalist 3 yildan buyon YoutTube'da «Ostorojna: Sobchak» kanalini yuritib, ko‘plab mashhur insonlardan intervyular olib kelmoqda. Kanalni 3,2 milliondan ortiq odam kuzatib boradi. YouTube'dagi muvaffaqiyat ortidan Sobchak «Ostorojna Media» mediaholdingini tashkil etdi. Tahririyat tez orada 1,5 million o‘quvchiga ega bo‘ldi.

Urushdan keyin...

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin rus jurnalistlariga bosim kuchaydi. Ko‘plab media vakillari «armiyani kamsitish», «harbiy feyk» tarqatgani iddaosi bilan ayblanib, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Sobchakning xodimlari bu vaqt davomida jarimalardan qochib kelishayotgandi. Vaholanki Sobchak intervyu olgan qahramonlarning aksari Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari e’tiboriga tushgan.

Masalan, hujjatli filmlar olishi bilan tanilgan Vitaliy Manskiy aynan Sobchakka bergan intervyusidan keyin rossiyalik propagandachi rejissyor Nikita Mixalkovga nisbatan tuhmat qilgani iddaosi bilan jinoiy ish figurantiga aylangandi. Intervyuda Manskiy Moskva xalqaro kinofestivalining kamida 85 foiz budjeti «tuya qilinishi»ni aytgandi. Mixalkov esa festival prezidenti, ayni damda urushning eng faol targ‘ibotchilaridan biri hisoblanadi. Sobchakni ham bu ish yuzasidan guvoh sifatida so‘roq qilishgan.

Oktyabr oyi boshida bu intervyu yuzasidan Sobchakning o‘ziga nisbatan ham jinoiy ish ochilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi, ammo bunday bo‘lmadi. O‘tgan haftada Sobchak bilan birga ishlaydigan jurnalistlar Sergey Yerjyenkov va Yevgeniya Terenova Tverda safarbarlikka jalb qilinganlarning sharoitlari haqida ko‘rsatuv suratga olayotgan vaqtda qo‘lga olingandi.

Shuningdek, politsiya Yerjyenkov va bloger Sergey Skoreyevga nisbatan vandalizm bo‘yicha ish ochilgandi. Mart oyida ular Leninning Ryazandagi yodgorligi ostiga «Putin, ket» deb yozishdi. Keyinroq buni yodgorlikning xarob ahvoliga e’tibor qaratish uchun qilishganini aytishdi. Sud esa ularning ikkisini 15 ming rubldan jarimaga tortdi.

Mavzuga oid