Jamiyat | 18:09 / 07.07.2021
24437
2 daqiqa o‘qiladi

Pnevmoniyaga nima sabab bo‘ladi? Shtab a'zosi izoh berdi

Havo haroratining keskin isishi oqibatida ko‘paygan pnevmoniya kasalligi koronavirusga chalinishning og‘ir holatini keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqida AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi mavsumda pnevmoniya kasalligining ortishi bugungi jazirama issiq kunlari haddan ortiq muzdek dush qabul qilib yoki basseynda cho‘milib, so‘ng me'yoridan ortiq konditsionerlardan foydalanish, muzlatgichdan yaxlatilgan ichimliklarni iste'mol qilish oqibatidandir. Bunda insonda immun tizim zaiflashadi va turli kasalliklarga chalinish ko‘payishi mumkin.

«Bunday anomal issiq kunlar insonda qon quyulishi holatlarini ko‘paytiradi, bu esa o‘z o‘rnida yurak qon-tomir kasalliklari ko‘payishini ham keltirib chiqarishi mumkin. Qon quyulishi esa koronavirus infeksiyasi uchun juda qulay sharoitdir.

Ayni issiq kunlarda aholi orasida pnevmoniyadan tashqari turli surunkali kasalliklar ham xuruj qilishi mumkin. Agarda shunday vaqtda virus organizmga tushsa, og‘ir darajaga o‘tib ketishi oson bo‘ladi», dedi shtab a'zosi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan pnevmoniyaga chalingan bemorlarning ro‘yxatini ham yuritish boshlandi, 5 iyul kuni O‘zbekistonda 172 kishida, 6 iyul kuni esa 195 kishida pnevmoniya aniqlangan.

Mavzuga oid