Fan-texnika | 15:10 / 27.10.2017
16627
2 daqiqa o‘qiladi
O‘zbekistonda Uzphone milliy messenjeri ishlab chiqilmoqda
O‘zbekistonda Telegram, WhatsApp, Skype, Viber kabi messenjerlarning milliy muqobili ishlab chiqilmoqda. Hozirda loyiha alfa-test jarayonidan o‘tmoqda. Ikki oy ichida beta-test sinovidan o‘tkaziladi va keyin amalda tadbiq etiladi. Bu haqida KUN.UZ muxbiri 27 oktabr kuni yangi ixtisoslashgan "O‘zbektelekom" AKning "Axborot tizimlari" brifingida berilgan ma'lumotga asoslanib xabar berdi.
Brifingda filialda amalga oshiriladigan qator loyihalar haqida so‘z yuritildi. Bular:
- Uzphone xususiy messenjeri (Telegram, WhatsApp, Skype, Viber kabi messenjerlar muqobili)ni ishlab chiqish;
- Tashqi trafikni tejash va TAS-IX'da grafik generatsiyasi uchun xususiy media-resurslarni rivojlantirish;
- Bulutli ma'lumotlarni Qayta ishlash markazi (MQIM) - kompaniya mijozlariga server muhitini taqdim etish;
- IPTV texnologiyasining kelgusidagi rivoji - interaktiv televideniye va boshqalar.
Bundan tashqari, "Axborot tizimlari" filialining amalga oshiradigan asosiy vazifalari haqida ma'lumot berildi. Demak, filial quyidagi vazifalarni bajarishni o‘z oldiga maqsad qilgan:
- Ma'lumotlar uzatish tarmog‘i va serverlar monitoring tizimini ishlab chiqish;
- Data-markaz xizmatlarini yanada rivojlantirish va taqdim etish;
- Bulutli xizmatlarni ishlab chiqish, saqlash va ma'lumotlarni qayta ishlash;
- "Internet-buyumlar" uchun ilovalarni faol rivojlantirish;
- Tarmoq uskunalari va bevosita billing tizimlariga abonent uskunalari ulanishining boshqaruv tizimlarini ishlab chiqish;
- Korxona resurslari boshqaruv tizimlarini ishlab chiqish;
- IPTV servisini modifikatsiya qilish va veb-saytlar vositasida interaktiv TV, Smart TV, xususiy dasturiy ta'minotga ega STB-pristavkalarini taqdim etish.