Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada migrantlarni Max o‘rnatishga majburlash taklif qilindi
Deputatlarning ta’kidlashicha, «migrantlar har doim ham xavfsizlik talablariga javob bermaydigan va ma’lumotlarni yetarli darajada himoya qilmaydigan» xorijiy messenjerlar va ilovalardan faol foydalanmoqda.
Rossiya Davlat Dumasining «Novyye lyudi» fraksiyasi deputatlari Vladislav Davankov, Georgiy Arapov va Amir Xamitov ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevga migrantlarni Max messenjerini o‘rnatish va undan foydalanishga majburlash taklifi bilan maktub yo‘lladi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, «migrantlar har doim ham xavfsizlik talablariga javob bermaydigan va ma’lumotlarni yetarli darajada himoya qilmaydigan» xorijiy messenjerlar va ilovalardan faol foydalanmoqda. Parlament a’zolarining fikricha, bu «migrantlarni firibgarlik sxemalari va jinoiy harakatlarga jalb qilish uchun qo‘shimcha xavflarni keltirib chiqaradi, shuningdek, davlatning migratsiya muhitida axborot o‘zaro ta’sirini kuzatish imkoniyatlarini pasaytiradi».
«Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolarining mamlakatda bo‘lish davrida Max messenjerini o‘rnatish va undan foydalanish majburiyatini qonun bilan mustahkamlash zarur, deb hisoblaymiz», deyiladi maktubda.
Deputatlarga ko‘ra, bunday yondashuv ushbu messenjerni davlat xizmatlari bilan integratsiya qilish, migratsiya holatini nazorat qilish samaradorligini oshirish, migrantlarning davlat organlari va ish beruvchilar bilan o‘zaro aloqalari uchun yagona xavfsiz raqamli kanal yaratish, shuningdek, xorijiy messenjerlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanish ehtimolini kamaytirish imkonini beradi.
Avvalroq, Rossiyada Telegram va WhatsApp orqali qo‘ng‘iroq qilish qisman cheklangan edi. Rasmiylar buni «yovuz niyatli shaxslar ushbu messenjerlardan tovlamachilik harakatlarini amalga oshirish, qo‘poruvchilik va terrorchilik faoliyatiga jalb etish uchun foydalanayotgani» bilan izohladi. Mutaxassislarga ko‘ra, bunday cheklovlar Rossiyaning milliy Max messenjeridan foydalanishga majburlash choralari bilan bog‘liq.
Mavzuga oid
08:37 / 04.06.2026
Max messendjyeri App Storeʼdan olib tashlandi
09:12 / 16.12.2025
Telefon xavfsizligi: zararli APK fayllardan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar
12:23 / 08.12.2025
Telegram Passkey funksiyasini ishga tushirdi, endi parol va SMS kiritish shart emas
19:29 / 22.09.2025