Iqtisodiyot | 12:42 / 29.11.2022
55036
6 daqiqa o‘qiladi

MB hukumatni imtiyozlardan voz kechish va import to‘siqlarini olib tashlashga chaqirdi

O‘zbekiston Markaziy banki monetar siyosat samaradorligini oshirish bo‘yicha hukumatga tavsiyalar berdi. Undan tadbirkorlikka oid barcha hujjatlardan raqobatga zid normalarni chiqarib tashlash, import cheklovlarini kamaytirish, ichki bozordagi ulgurji savdoni faqat naqdsiz hisob-kitobga o‘tkazish, imtiyozli kreditlashni to‘xtatish va boshqalar o‘rin olgan.

Foto: Markaziy bank

O‘zbekiston Markaziy banki e’lon qilgan “Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024−2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” sharhida samarali pul-kredit siyosati yuritishning shart-sharoitlari ham sanab o‘tilgan.

Unga ko‘ra, kelgusi yillarda pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish masalasi iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshiriladigan quyidagi choralar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.

Iste’mol bozorlarida raqobat muhitining rivojlanishi

Ushbu yo‘nalishda:

  • tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan qaror va farmonlar hamda mexanizmlarni xalqaro konsalting kompaniyalar bilan birgalikda inventarizatsiyadan o‘tkazib, bozor mexanizmlariga va raqobat muhitiga zid normalarni bekor qilish;
  • iste’mol tovarlari importida tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish, sohani yetarli darajada liberallashtirish, iste’mol va investitsion tovarlar tashqi savdosida monopol holatlarga chek qo‘yish, importyorlar sonini oshirish, import geografiyasini kengaytirish va muqobil yangi marshrutlarni ishlab chiqish;
  • temir yo‘l va havo transporti xizmatlari sohalariga xususiy korxonalarni jalb etish, mazkur xizmatlar bozorida erkin raqobat sharoitlarini yaratish orqali tashish va transport xarajatlarining mahsulotlar tannarxiga ta’sirini pasaytirish;
  • monopol xarakterga ega korxonalar tovar va xizmatlari narxlarini shakllantirish mexanizmlarining shaffofligini ta’minlash;
  • Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlarini tezlashtirish va mintaqaviy transport koridorlarining muhim bo‘lagiga aylanish bo‘yicha choralar ko‘rish kelgusi yillarda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xufyona iqtisodiyotni qisqartirish

MBning qayd etishicha, mamlakatda xufyona iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni belgilash va bunda, barcha manfaatdor vazirlik va idoralarni safarbar etgan holda, quyidagi yo‘nalishlarda choralarni amalga oshirish zarur:

  • 2023-2024 yillarda alohida korxona yoki tarmoqlarga berilgan imtiyozlarni to‘liq tanqidiy xatlovdan o‘tkazish va bekor qilish orqali barcha bozor ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlarni hamda sog‘lom raqobat muhitini yaratish;
  • import tovarlarining ichki bozordagi ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishini to‘liq ta’minlash va buni nazorat qilish uchun import mahsulotlari harakati bo‘yicha yagona axborot tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
  • soliqdan qochish holatlarida jazoning muqarrarligini ta’minlash, rasmiy iqtisodiyotda ishlashni yashirin iqtisodiyotda faoliyat yuritishdan ko‘ra manfaatli qilish, bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, barcha axborot vositalari orqali tushuntirish ishlari ko‘lamini kengaytirish;
  • yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlariga moliyaviy yordam va qarz sifatida yo‘naltirilayotgan mablag‘larga nisbatan jismoniy shaxslarning daromad solig‘iga tortish amaliyotini joriy etish, mablag‘lar to‘liq qaytarilganda ushbu tushumlarni soliq bazasidan chiqarish;
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimi doirasida shubhali mijozlar va operatsiyalarni oldindan aniqlash indikatorlarini joriy etish va monitoringini kuchaytirish.

Bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish

Regulyator bu borada hukumatga quyidagi tavsiyalarni bergan:

  • 2023 yilda davlat ulushi yuqori bo‘lgan yirik banklarni xususiylashtirish jarayonini mantiqiy yakuniga yetkazish, xususan davlat ulushi mavjud banklar (Qishloq qurilish bank, Xalq banki, Mikrokreditbank, Aloqa bank, Agro bank va Milliy bankni) aksiyalarini ommaviy ochiq savdolarga (IPO) olib chiqish hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Asaka bankdagi transformatsiya jarayonlarining faol fazasiga o‘tish;
  • bank xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirish va barcha ishtirokchilarga teng sharoitlarni ta’minlash yuzasidan boshlangan ishlarni xalqaro tajriba asosida takomillashtirib borish;
  • 2023 yildan boshlab iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi va moliyaviy resurslarning samarasiz taqsimlanishiga sabab bo‘luvchi imtiyozli kreditlash (foizlari bozor foiz stavkalaridan past bo‘lgan kreditlar) va direktiv kreditlash (mahalliy hokimlik organlari va davlat idoralari tomonidan kreditlarni belgilab berish) usullaridan bosqichma-bosqich voz kechish.

Ta’kidlanishicha, bank tizimida ajratilayotgan kreditlarning 60 foizi direktiv asosda ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va aynan ushbu omil ta’sirida tijorat banklarining kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi yuqori darajada qolmoqda.

Markaziy bankka ko‘ra, davlat ulushiga ega banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirishni muvaffaqiyatli yakunlash quyidagilarga zamin yaratadi:

  • davlat budjetidan banklar kapitaliga pul kiritish zaruratini keskin kamaytiradi;
  • bank tizimining bozor munosabatlari asosida faoliyat yuritishi ta’minlanadi;
  • banklar kapitalini xorijiy investitsiyalar va xususiy investorlar mablag‘lari hisobidan oshirib borish va shu orqali iqtisodiyotda pul oqimlarining samarali taqsimlanishi natijasida istiqbolli loyihalarni kreditlash ko‘lamining kengayishiga sharoit yaratiladi.

Mavzuga oid