O‘zbekiston Markaziy banki e’lon qilgan “Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024−2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” sharhida samarali pul-kredit siyosati yuritishning shart-sharoitlari ham sanab o‘tilgan.
Unga ko‘ra, kelgusi yillarda pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish masalasi iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshiriladigan quyidagi choralar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.
Iste’mol bozorlarida raqobat muhitining rivojlanishi
Ushbu yo‘nalishda:
- tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan qaror va farmonlar hamda mexanizmlarni xalqaro konsalting kompaniyalar bilan birgalikda inventarizatsiyadan o‘tkazib, bozor mexanizmlariga va raqobat muhitiga zid normalarni bekor qilish;
- iste’mol tovarlari importida tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish, sohani yetarli darajada liberallashtirish, iste’mol va investitsion tovarlar tashqi savdosida monopol holatlarga chek qo‘yish, importyorlar sonini oshirish, import geografiyasini kengaytirish va muqobil yangi marshrutlarni ishlab chiqish;
- temir yo‘l va havo transporti xizmatlari sohalariga xususiy korxonalarni jalb etish, mazkur xizmatlar bozorida erkin raqobat sharoitlarini yaratish orqali tashish va transport xarajatlarining mahsulotlar tannarxiga ta’sirini pasaytirish;
- monopol xarakterga ega korxonalar tovar va xizmatlari narxlarini shakllantirish mexanizmlarining shaffofligini ta’minlash;
- Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlarini tezlashtirish va mintaqaviy transport koridorlarining muhim bo‘lagiga aylanish bo‘yicha choralar ko‘rish kelgusi yillarda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xufyona iqtisodiyotni qisqartirish










