O‘zbekiston | 10:02 / 06.12.2015
45727
2 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov O‘zbekistonda ichki ishlar organlari to‘g‘risida qonun ishlab chiqilishini taklif qildi

Mamlakatimiz prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida O‘zbekistonda ichki ishlar organlari to‘g‘risida qonun ishlab chiqilishini taklif qildi.

Uning ta'kidlashicha, bugungi kungacha ichki ishlar va huquq-tartibot organlari faoliyatini tartibga soladigan qonunning yo‘qligini ham normal holat, deb bo‘lmaydi. “Shuning uchun mazkur organlarning, birinchi navbatda, qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasidagi maqomi, faoliyat shakli va usullarini aniqlashtirish hamda ularga tuzatishlar kiritish zarur”, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz o‘z so‘zida joriy yilning to‘qqiz oyi davomida fuqarolarimizdan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining mansabdor shaxslari ustidan kelib tushgan 500 ga yaqin shikoyatning beshtadan bittasi ichki ishlar organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga tegishli ekanini ta'kidlab o‘tdi.

“Ishonch telefon”lari orqali adliya idoralariga qilingan murojaatlarning 96 foizi qanoatlantirilgan, arizalarning 4 foizini qanoatlantirish rad etilgan. Bu raqamlar nimadan dalolat beradi? Shikoyat bilan murojaat qilgan odamlarning u yoki bu davlat organlari qarorlaridan norozi bo‘lishga to‘la haqli ekanidan dalolat beradi.

“Odamlar nima haqida ariza yozmoqda? Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar noqonuniy qarorlar qabul qilayotganidan, bu idoralarning mansabdor shaxslari qo‘pol muomalada bo‘layotganidan, aholi murojaatlari ular tomonidan to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayotganidan shikoyat qilmoqda. Fuqarolar tergov organlari tomonidan tergov harakatlarini amalga oshirishda protsessual qonunchilikni qo‘pol ravishda buzish bilan bog‘liq faktlar borligini ko‘rsatmoqda”, - dedi davlatimiz rahbari.

Mavzuga oid