Sport | 13:56 / 22.07.2016
20133
2 daqiqa o‘qiladi

Rio Olimpiadasida Bahodir Jalolov va Husniddin Norbekov O‘zbekiston terma jamoasi bayroqdori bo‘ladi

Suratlar manbasi UzReport

Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlarining boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ushbu nufuzli sport bayramida dunyoning 200 mamlakatidan kelgan sportchilar ishtirok etadi. Ularning orasida O‘zbekiston ham bor. Braziliyaga parvoz qilishdan oldin sportchilarimiz Mustaqillik maydonida bo‘lib, Baxtiyor ona haykali poyiga gullar qo‘yishdi. Bu haqida UzReport ma'lum qildi. 

Olimpiyachi sportchilarimiz sharafiga tantanali kecha uyushtirildi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev davlatimiz rahbarining tabrigini sportchilarga yetkazdi. O‘z navbatida, sportchilarimiz ham Olimpiya o‘yinlarida mamlakat sharafini munosib himoya qilishga hamda Vatanga yuksak mukofotlar bilan qaytishga va'da berishdi.

XXXI Olimpiya o‘yinlari hamda XV Paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarish sharafiga boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Bahodir Jalolov va yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Husniddin Norbekovlar munosib deb topildi. Olimpiya o‘yinlariga birinchi bo‘lib bokschilarimiz yo‘l olishadi. Ular San-Paulu shahrida o‘quv mashqini o‘tkazishadi. 


 

Mavzuga oid