Jamiyat | 13:18 / 15.08.2016
12721
3 daqiqa o‘qiladi

Ohayolik 7 yoshli bola qorni ochligidan o‘yinchog‘ini sotmoqchi bo‘ldi

Ohayoda 7 yoshli bola yegulikka pul topish maqsadida o‘zining o‘yinchog‘ini sotmoqchi bo‘ldi. Bu haqida CNN xabar berdi. 

"Politsiya mahkamasiga noma'lum kishi kelib, qo‘lida kuchuk (o‘yinchoq) ko‘tarib olgan bolaning yolg‘iz yurgani haqida ma'lum qildi", - dedi Franklin politsiyasi xodimi Stiv Dunham. 

Ofitserlar aytilgan joyga kelishganida Dunham dorixona yonida turgan bolani ko‘rib qoldi va u bilan gaplashish uchun mashinadan tushdi. 

"Men qandaydir ko‘ngilsizlik yuz berdi deb o‘yladim", - dedi u. "U esa qorni juda ochligini va shu bois yegulik uchun pul topishga harakat qilayotganini aytdi". 

  Politsiya boshlig‘i Russ Uitmen bola bir necha kun davomida tuz totmaganini aytdi. 

Dunhan bolani olib, restoranga bordi va u bilan birga ovqatlandi. Qolgan xavfsizlik xodimlari esa uning uyiga yo‘l olishdi. 

Bola yashaydigan uyga yetib kelgan politsiya xodimlari uyning "bir ahvolda" ekanligini va u yerda boshqa bolalar ham borligiga guvoh bo‘lishdi. Uyning ichida chiqindi va spirtli ichimliklar butilkalari yoyilib yotganligi yetmagandek, hamma yerdan mushuk axlatining hidi kelardi.

Bu uyda ko‘chada topilgan boladan tashqari yana 11, 12, 15 va 17 yoshdagi boshqa bolalar ham yashashi ma'lum bo‘lgan. Leytenant Brayan Pasifikoning so‘zlariga ko‘ra,  bolalarning ota-onasi o‘z ayblarini tan olishmagan. 

Vasiylik organi vakillari bolani olib ketishi uchun oilaning boshqa bir a'zosi bilan bog‘lanishdi. 

Franklin politsiyasining ma'lum qilishicha, bolaning ota-onasi hibsga olinmadi, ammo bolalar hozircha qarindoshlar qaramog‘ida bo‘ladi. 

Uitmenning so‘zlariga ko‘ra, bu oilaga moliyaviy yordam berish uchun Franklindagi Muqaddas Mariya cherkovida pul yig‘iladi. 

Franklin Ohayo shtatining janubi-g‘arbida joylashgan. 
 

Mavzuga oid