Jahon | 20:23 / 21.08.2016
9590
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh delegatsiyasi Gulenning ekstraditsiya qilinishi masalasi bo‘yicha Turkiyaga yo‘l oladi

AQSh rasmiy shaxslari delegatsiyasi turk muxolif imomi Fathulla Gulenning ekstraditsiya qilinishi shartlarini muhokama qilish uchun Turkiyaga yo‘l oladi. Gulen 15 iyulda Turkiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntaruviga urinish ishi bo‘yicha ayblanmoqda. Bu haqda Hurriyet nashri xabar bermoqda. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, muzokaralarga AQSh adliya vazirligining 3 xodimi va Davlat departamentining bir xodimi jo‘naydi. Ular AQShdan 22 avgustda uchib ketadilar. Keyingi ikki kunga uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan. 

Turkiya adliya vazirligida amerikalik hamkasblarini kutib olishga tayyorliklari aytildi. Vazirlik vakillarining aytishlaricha, ular AQSh tomoniga ekstraditsiya haqidagi so‘rovni va Gulenning aybdor ekanligining isbotini taqdim qilishmoqchi.

Gulenning o‘zi 17 avgustda Turkiya hukumatiga topshirilishidan ko‘rqmasligini aytgan. "Meni ekstraditsiya qilishlaridan qo‘rqmayman. Agar ular bunga qaror qilishsa, shunday bo‘la qolsin. Aks holda, davlat to‘ntaruviga urinishni tergov qilish bo‘yicha xalqaro guruh tashkil etishsin", deb aytgan Gulen. 

Gulen turk muxolifi bo‘lib, "Xizmet" harakati asoschisi hisoblanadi. 1999 yildan beri AQShning Pensilvaniya shtatida yashaydi va yashash uchun ruxsatga ega. U Turkiyada davlat to‘ntaruviga urinishni tashkillashtirishda ayblanmoqda. Turkiya bosh prokuraturasi unga 1,9 ming yillik qamoq jazosi so‘ragan. Gulenning o‘zi aybini inkor qilib kelmoqda.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid