Jahon | 10:36 / 22.08.2016
6236
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp maxsus kepkalar uchun 420 ming dollar sarfladi

AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lmish respublikachi Donald Tramp o‘tgan oyda saylovoldi kampaniyasi xarajatlarini 2 barobar oshirdi. Lekin uning xarajatlari Hillari Klintonning xarajatlaridan sezilarli darajada kam.

Iyul oyida Trampning shtabi 18,5 mln dollar, Klintonning jamoasi esa 38 mln dollar xarajat qilgan.

Xabar qilinishicha, Tramp o‘ziga xos maxsus kepkalar tayyorlash uchun 420 ming dollar ishlatgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Trampning saylovoldi kampaniyasi keyingi yillardagi eng kamchiqim kampaniya bo‘lmoqda. Taqqoslash uchun, Barak Obama 2012 yilda ikkinchi muddatga saylanishidan oldin saylovoldi kampaniyasi uchun iyun oyida 58,1 mln dollar, iyul oyida esa 58,9 mln dollar sarflagandi.

Tramp uchun avgust oyi eng serxarajat oy bo‘lishi kutilmoqda. Faqatgina televideniyedagi reklama uchun keyingi haftada 5 mln dollar ishlatildi.

Klinton shtabi 2 oy oldinroq televideniyedagi reklamadan foydalana boshlagan va shu vaqtgacha bu uchun 60 mln dollar sarflab bo‘lingan.

Klintonning jamoasida 700 kishi uchun shtat ochilgan, bu esa Trampning xodimlari sonidan deyarli 10 barobar ko‘p.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, iyul oyida sarflangan mablag‘ning 45 foizi veb-dizayn bilan shug‘ullanadigan kompaniyalarga to‘langan, yana millionlab dollarlar parvozlarga sarflangan.

New York Times gazetasining mustaqil holda o‘tkazgan tekshiruvida aniqlanishicha, Tramp uchun ishlaydigan firmalar 650 mln dollar jamg‘argan. Manbada aytilishicha, Trampning biznesining ko‘p jihatlari hamon soyada qolmoqda.

"AQSh prezidentligiga nomzod o‘z aktivlarini baholashga ruxsat bermagan va soliq hisobotlari haqidagi ma'lumotlarni oshkor etmagan", deyiladi Times nashrida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid