Jahon | 21:30 / 06.09.2016
8979
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda 88 nafar sobiq general Trampni qo‘llab-quvvatlab chiqdi

AQShda iste'fodagi generallarning katta guruhi mamlakat prezidentligi uchun saylovda respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lmish Donald Trampni qo‘llab-quvvatlab chiqishdi.

Seshanba kuni 88 nafar sobiq zobitlar shu haqdagi maktubga imzo chekishgan.

"O‘tgan 8 yil davomida Amerika qurolli kuchlari davomli ravishda byudjyet qisqartirishlariga, turli siyosiy qarorlarga va harbiy amaliyotlarga duch keldi", degan sobiq harbiylardan biri.

"Shu bilan bir vaqtda mamlakatimiz dushmanlari kuchayishdi, Vashingtondagilar esa o‘zlarini beqaror va ojiz tutishdi. Bu esa ko‘pchilikka zarar yetkazishi mumkin", deyilgan maktubda. Harbiylar AQShning dushmanlari deya aynan qaysi mamlakatlarni nazarda tutishgani aytilmagan.

Generallar "milliy xavfsizlik zarurati tufayli siyosiy qarashlarni o‘zgartirish vaqti kelganini" aytishgan. Ularning fikricha, mamlakatga "qurolli kuchlarning imkoniyatlarini" hisobga oladigan siyosatchi kerak.

"Biz shu tufayli Donald Trampni qo‘llab-quvvatlaymiz va uning qurolli kuchlarga bo‘lgan ishonchni qaytarishiga, chegaralarimiz xavfsizligini ta'minlashiga dushmanlar ustidan g‘alaba qilishiga hamda mamlakatda tartib o‘rnatishiga ishonch bildiramiz", deyilgan maktubda.

AQShdagi prezidentlik saylovlari 8 noyabr kuni o‘tkaziladi. Donald Trampga Demokratlar partiyasi vakili Hillari Klinton raqiblik qiladi.

Mavzuga oid