Erdo‘g‘an Obamaning Suriya bo‘yicha taklifini qabul qildi
Rasmiy Anqara AQSh bilan Suriyaning Raqqa shahrini IShID jangarilaridan ozod etish borasida hamkorlik qilishga tayyorligini ma'lum qildi, deya yozgan Hurriyet nashri.
«Raqqa — IShID markazlaridan biri. Obama, xususan, biz bilan Raqqani bir yoqli qilmoqchi. Biz unga, bu masala biz uchun muammo emasligini aytdik», — degan Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.
Turkiya ikki mamlakat yuqori lavozimli harbiy mulozimlariga maxsus amaliyot ishlab chiqish taklifini bildirgan. Shundan so‘ng, «nima qilish kerak bo‘lsa, o‘sha amalga oshiriladi», — degan Turkiya rahbari. Uning aytishicha, Turkiya mintaqadagi mavjudligini ko‘rsatib qo‘yishi lozim.
Avvalroq, Erdo‘g‘an G20 sammitida Obama bilan Suriya masalasini ikki marta muhokama qilgani xabar qilingan edi.