Jahon | 13:21 / 07.09.2016
6856
3 daqiqa o‘qiladi

Le Monde nashri G20 sammitiga yakun yasadi

Xitoyda bo‘lib o‘tgan «Katta yigirmatalik» sammiti Rossiya va Turkiya yetakchilari Vladimir Putin hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning xalqaro maydonga g‘alaba bilan qaytishi ila yodda qoladi, deb yozmoqda Le Monde gazetasi.

Ta'kidlanishicha, G20ning o‘tgan ikki sammitida Vladimir Putin Ukrainadagi voqealar tufayli ajralib qolgan bo‘lsa, Xanchjoudagi anjumanda u ajoyib suhbatdosh bo‘ldi. Jumladan, davlat rahbari o‘tgan sammitda paydo bo‘lgan o‘zaro ishonchsizlikka barham berib, Saudiya Arabistoni bilan muzokaralarni samarali yakunladi. Ko‘pgina masalalar, xususan Suriya rahbari Bashar Asad kelajagi borasida bir-biriga zid qarashga ega ikki mamlakat, neft qazib olish hajmi borasida kelishuvga erisha oldi. Sammitning yana bir kutilmagan voqeligi Putinning Obama bilan yakkama-yakka muloqoti bo‘ldi. Shundan so‘ng, Putin amerikalik hamkasbining Suriya inqirozini hal etish borasida jiddiy ekanini ta'kidladi. 

«Shu narsa aniqki, bu sammit — Putinning revanshi bo‘ldi. Uning holati, barcha uni qidirib yurgan kishiniki bilan bir xil edi», — degan sammitda ishtirok etgan diplomatlardan biri. 

Fransiya nashri, anjuman davomida o‘z isbotini topgan rus-xitoy do‘stligini alohida uqdirmoqda. Bu do‘stlik «eng yaxshi holatda»: ular ittifoqsiz «o‘xshash manfaatlarni birlashtirishgan». Rossiya va Xitoy, G‘arbga nisbatan kuchli qarashni saqlab qolish uchun bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, ayrim masalalarda masofa saqlashni unutishmayapti. Putin Xanchjouda Xitoy bilan qator masalalar, xususan Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy da'volar borasida yakdilligini namoyish etdi. 

Erdo‘g‘an borasida to‘xtalgan gazetaning yozishicha, balki bu sammit, Turkiya yetakchisining mamlakatida unga qarshi amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishidan so‘ng, G‘arb bilan munosabatlari yomonlashgach, birinchi marta yirik xalqaro anjumanda ishtirok etayotgani sabab, ko‘pchilikning e'tibori unga qaratilgani tabiiydir. Shuning barobarida, prezident Turkiya va Suriya chegarasida bufer hududini tashkil etish g‘oyasini ancha ishonchli tarzda taklif eta oldi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid