Jahon | 12:30 / 13.09.2016
18903
2 daqiqa o‘qiladi

Shoygu: Dunyo tartibini AQSh buzmoqda

Arxiv surat

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Pentagon rahbari Eshton Karterning Rossiyaga nisbatan ilgari surgan ayblovlariga javob berdi. Karter jahon hamjamiyatida mavjud tartibni Rossiya buzayotganini aytgan edi. Shoyguga ko‘ra, aslida, AQSh g‘arbdagi hamkorlari bilan birga dunyo tartibini vayron qilish uchun asta-sekinlik bilan harakat olib borgan, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti» agentligi.

«Aynan AQSh va uning g‘arbdagi ittifoqchilari Bosniya va Kosovodan boshlab, Iroq va Liviyagacha bosqichma-bosqich dunyoning mavjud tartibi asoslarini buzib keldi. Rossiya esa, Yugoslaviyani parchalashga qaratilgan Amerika-NATO amaliyotidan beri ularning bunday hatti-harakatlarining oqibati nimaga olib kelishidan har doim ogohlantirib kelgan», — deya Karterning so‘zlaridan taajjub bildirgan Sergey Shoygu. 

Shoyguning qo‘shimcha qilishicha, «Iroq, Afg‘oniston, Liviya, boshqa mamlakatlarda boshi devorga urilganiga qaramay, amerikalik hamkasblar o‘zlariga yetarli xulosa chiqarishmayapti». 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar «o‘zining xatolari uchun mas'uliyatni mustaqil dunyoqarashga ega Rossiya, Xitoy va boshqa ayrim davlatlarga yuklash o‘rniga» strategiyasini o‘zgartirishi lozim.

Bundan tashqari, Rossiya mudofaa vazirining ta'kidlashicha, «dunyo tartibini Amerika tartibi» bilan adashtirmaslik kerak, chunki «dunyo tinchligi va tartibini saqlash faqat Pentagonning emas, butun jahon hamjamiyatining vazifasidir». 
 

Mavzuga oid