Jamiyat | 16:07 / 14.09.2016
14398
3 daqiqa o‘qiladi

Termizning faxriy fuqarosi bo‘lgan mashhur arxeolog Kyudzo Kato vafot etdi

12 sentabr kuni Surxondaryo viloyatida arxeolog olim, Yaponiya Milliy etnologiya muzeyi faxriy professori, «Do‘stlik» ordeni sohibi, Termiz shahrining faxriy fuqarosi Kyudzo Kato 94 yoshida vafot etdi.

«O‘zbekiston haqidagi ko‘plab ilmiy ishlar muallifi, yapon professori O‘zbekistonning yaqin do‘sti edi va o‘zbek xalqini sevar edi. U ushbu zaminni o‘zining ikkinchi vatani deb atardi.

O‘zbekistonga ilk bor o‘tgan asrning 60- yillarida tashrif buyurgan Kyudzo Kato o‘lkaning boy tarixiga katta qiziqish bildirdi hamda Yaponiya va O‘zbekistonning ko‘p tomonlama hamkorligini faollashtirish tarafdori bo‘ldi», deya yozilgan «Jahon» axborot agentligi xabarida.

U 25 yildan ziyodroq davr mobaynida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va turli ilmiy institutlari bilan hamkorlik qildi, har xil loyihalarda qatnashib, Surxondaryo viloyatida arxeologik qazishmalarni (Dalvarzintepa, Qoratepa, Xolchayon, Fayoztepa) o‘tkazdi. Uning tadqiqotlari natijalari O‘zbekiston tarixi bo‘yicha maktab darsliklarida ham o‘z aksini topdi.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Katoning ilmiy hissasini ko‘plab marotaba e'tirof etgandi.

«O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida so‘zlagan nutqida Islom Karimov yapon professorini ilmiy faoliyati Markaziy Osiyo tarixi, etnografiyasi, arxeologiyasi va san'atining noma'lum bo‘lgan sahifalarini ochishga yordam bergan mintaqaning yirik tadqiqotchisi deb atagandi.

«Uning Buyuk Ipak yo‘lini, Baqtriya davlatini o‘rganishga bag‘ishlangan ishlari, shuningdek, 1989 yildan buyon Surxondaryo viloyatining ko‘hna Dalvarzintepa va Qoratepa shaharlari o‘rnida olib borayotgan arxeologik tadqiqotlari, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Mirzo Bobur va Markaziy Osiyoning boshqa ulug‘ mutafakkirlari asarlarini yapon tiliga qilgan tarjimalari bizning ulkan mintaqamiz tarixi va madaniyati haqidagi bilimlarni jahon mulkiga aylantirish imkonini berdi», — deb ta'kidlagandi Islom Karimov.

«Men yaponman, O‘zbekistonni o‘zimning ikkinchi ona vatanim deb atayman, ushbu yurtning faxriy fuqarosi ekanimdan g‘ururlanaman. Hurmatli prezident Islom Karimov mening kichik ishimni yuqori baholagan va «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagandi. Umrimning katta qismi shu zaminda o‘tganidan baxtiyorman», — degandi Kyudzo Kato.

Mavzuga oid