Jamiyat | 10:07 / 14.09.2016
9952
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston parlamenti bugun yangi konstitutsiyani qabul qiladi

Turkmaniston oqsoqollar kengashining 14 sentabr, chorshanba kuni Ashxobodda o‘tkaziladigan majlisida yangi konstitutsiya qabul qilinishi kutilmoqda.

Kengash ishida mamlakatning barcha viloyatlaridan (5ta viloyat - tahr.) va poytaxtdan jami 600 kishi va Turkmaniston parlamenti (majlis) deputatlari to‘la tarkibda ishtirok etadi. Aynan deputatlar majlisda yangi konstitutsiya qabul qilinishi bo‘yicha ovoz berishlari kutilmoqda.

Turkmaniston Sobiq Ittifoq hududidagi davlatlar orasida yangi konstitutsiya qabul qilingan ilk mamlakatga aylangandi. 1992 yilning 18 mayida birinchi konstitutsiya qabul qilingan. 1995 yilning 27 dekabrda konstitutsiyaga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

16 yildan so‘ng, 2008 yilning 26 sentabrida Turkmaniston Xalq maslahati konstitutsiyaga yangi o‘zgartirishlarni qabul qilgan. Unga ko‘ra, aynan Xalq maslahatining o‘zi o‘zgartirilib, vakolatlari prezident va parlament o‘rtasida bo‘lingan.

2014 yili Gurbanguli Berdimuhammedov mamlakat konstitutsiyasini Turkmanistonning «zamonaviy siyosati va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti talablari»ga moslashtirish zarurligini aytgan edi.

2016 yilning fevral oyida konstitutsiyaning yangi loyihasi matbuotda chop etilgan. Ushbu qonunning oldingilaridan farqli jihati, prezident vakolati muddatini 5 yildan 7 yilgacha uzaytirish, prezident lavozimi uchun eng yuqori yosh cheklovini bekor qilish bo‘ldi. Amaldagi konstitutsiyada yosh chegarasi 70 yosh etib belgilangan.

2016 yilning 29 iyunida Gurbanguli Berdimuhammedov 61 yoshga kirgandi. Uning konstitutsiya bo‘yicha ikkinchi muddati 2017 yilda nihoyasiga yetadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid