Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda bir millionga yaqin Samsung Galaxy Note 7 qaytarib olinadi
Amerika iste'mol mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha komissiyasi, mamlakat hududida sotilgan bir millionga yaqin Samsung Galaxy Note 7 smartfonlarini, ularning qizishi va natijada akkumulyatorlarining portlashi ehtimoli bo‘lgani sabab qaytarib olishga buyruq bergan.
Bayonotda aytilishicha, bu qaror shu yilning 15 sentabrigacha sotilgan Galaxy Note 7 mobil qurilmalariga tegishlidir. Umuman, batareyalar qizib ketishi bilan bog‘liq 92 ta holat qayd etilgan bo‘lib, shundan 26tasida telefon egasi kuyganidan arz qilgan. 55ta hodisada mol-mulkka talofat yetgan.
"Iste'molchilar chaqirib olingan Galaxy Note 7 telefonlaridan foydalanishni zudlik bilan to‘xtatishlari kerak", - deyiladi xabarda. Ularga Samsung qurilmasi xarid qilingan do‘konga murojaat qilish hamda boshqa batareya o‘rnatilgan xuddi shunday telefonga almashtirib berishni so‘rash tavsiya qilingan.
Avvalroq, AQSh federal aviatsiya boshqarmasi xavfsizlik nuqtai-nazaridan samolyotlar bortida Galaxy Note 7 telefonlarini ishlatishni taqiqlagan edi.