Light | 22:03 / 17.09.2016
62819
4 daqiqa o‘qiladi

Qomatingiz tik bo‘lishi uchun 5 maslahat

Zamonamizning eng xavotirli tendensiyalaridan biri aksariyat vaqtimizni o‘tirib o‘tkazishimizdadir. Bu zararli odat bir qator ko‘ngilsiz oqibatlarga olib keladi. Noraso qomat, tushkun kayfiyat, sochning to‘kilishi, qon kamayishi - bu hali hammasi emas... Xullas, harakatsiz kun tartibini qayta ko‘rib chiqilmasa, bu yaxshilikka olib kelmasligi aniq. Quyida diqqatingizga havola etiladigan oddiy 5 usul qomatingizni raso, o‘zingizni esa tetik his qilishingizga yordam beradi. 

Yelkalarni harakatlantirish

Ko‘pchilik e'tibor bermaydigan oddiy jismoniy mashq. Uni stuldan turmasdan bajarish mumkin, natijasi esa sizni quvontiradi. Yelkalaringizni oldinga va orqaga aylanma harakatlantirish kuraklar o‘rtasidagi muskullarni mustahkamlashga va bo‘yinga dam berishga yordam beradi. Aynan shu ikki soha qomatingizni tik tutishga halaqit beruvchi yoqimsiz hislar uchun ko‘proq javobgar. 

Ertalabki badantarbiya

Ertalabki yengil badantarbiya yelkalar, bo‘yin va qomatni tik tutishda muhim bo‘lgan boshqa muskullarni mustahkamlay oladi. Ertalabdan qizdirilgan muskullar oldindagi ko‘p soatli o‘tirishlarni yengil o‘tkazishga yordam beradi. Ertalabki gimnastika uchun eng yaxshi mashq - an'anaviy xitoy tsiguni, unda harakatlar samarali nafas olish bilan uyg‘unlashgan. Qomat muskullarini qizdirish uchun tortishish mashqlari ayni muddao. 

Boshni to‘g‘ri tutish

Umurtqa pog‘onasidagi egrilikka ko‘pincha «text neck» sindromi (boshning oldinga engashishi) sabab bo‘ladi. Bunday sindrom kompyuter qarshisida ishlaganda, smartfonlardan foydalanganda va uzoq vaqt mutolaa qilish natijasida orttiriladi. Bularning barchasi umurtqa pog‘onasining qiyshayishiga olib keladi. Davolash chorasi sifatida bo‘yin uchun mashqlar bajarish tavsiya qilinadi - boshni har tomonga navbatma-navbat qaratish, aylantirish va umurtqa pog‘onasining bo‘yin sohasidagi harakatlar xilma-xil bo‘lishi maqsadga muvofiq. 

Devorga yopishib tik turish

Umurtqa pog‘onasini yaxshilash uchun murakkab mashqlarni bajarish shart emas - devorga orqa o‘girib tik turib, maksimal darajada bo‘shashish va shunday holatda bir muddat qolishning o‘zi yetarli. Bu kabi mashqlar tanadagi muqobillikni his qilish va muammolarni aniqlash imkonini beradi. Keyingi qadam - devorga yopishgan holatda o‘tirib turish mashqlarini bajarish. 

Shavasana

Klassik "murda pozasi" - shavasana yoga texnikasining asosi hisoblanadi. U insonga yengillik baxsh etadi va butun tanani maksimal darajada o‘rganishga olib keladi. Shavasanani bajarish juda oson - tepaga qaragan holatda qattiq joyga (pol) yoting, qo‘llaringizni tana bo‘ylab cho‘zing, o‘zingizni bo‘sh qo‘ying va nafasingizni rostlang. Kamida 10 daqiqa shavasana holatida qoling - mashqni qanchalik muntazam bajarishni odat qilsangiz, u shunchalik foyda keltiradi. 

Mavzuga oid