Jahon | 22:55 / 07.10.2016
10515
3 daqiqa o‘qiladi

Kerri: Rossiyaning Suriyadagi harakatlarini harbiy jinoyat sifatida tergov qilish kerak

Foto: Globallookpress.com

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiyaning Suriyada Bashar Asad tuzumini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan harakatlarini harbiy jinoyat sifatida tergov qilish kerak, deb aytdi. Bu haqda "Assoshieyted Press" axborot agentligi xabar bermoqda.  

Kerri Moskva va Damashqni Halabdagi tinch aholini qo‘rqitish va harbiy vazifalarni bajarishga to‘sqin bo‘lgan istalgan kishini yo‘q qilishga qaratilgan strategiyani o‘tkazishda aybladi.

Kerri Vashingtonda fransiyalik hamkasbi Jan-Mark Ero bilan birga bergan matbuot-anjumanida mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, 6 oktabrda Halabdagi yana bir shifoxona havodan hujumga uchraganini ma'lum qildi. Hujum oqibatida 20 kishi halok bo‘lgan.  

Kerrining aytishicha, bunday zarbalar tasodif bilan hech qanday umumiylikka ega emasligi ayon. Uning ta'kidlashicha, bunday hujumlar uchun javobgar bo‘lganlarni javobgarlikka tortish vaqti keldi. 

"Rossiya va Bashar Asad tuzumi butun dunyoga nima uchun ular shifoxonalar va tibbiyot markazlari, bolalar va ayollarga zarbalar berishni davom ettirayotganlari haqida shunchaki tushuntirishdan kattaroq narsa berishlari lozim. Bu harakatlar ularni harbiy jinoyatlar sifatida to‘laqonli tergov qilishni boshlashga undaydi va uni amalga oshirayotganlar o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilishlari kerak", deb aytdi Kerri.

O‘z navbatida, Jan-Mark Ero BMT Xavfsizlik kengashida Suriyada yarashuv o‘rnatish bo‘yicha ovoz berish Moskvaning urushga chek qo‘yishga tayyorligini tekshirish uchun imkon berishini aytdi.

"Ertaga haqiqat oni keladi, Xavfsizlik kengashining barcha a'zolari uchun haqiqat oni. Siz Halabda o‘t ochishni to‘xtatishni istaysizmi yoki yo‘qmi? Bu savol ayniqsa bizning rossiyalik hamkorimizga taalluqlidir", deb aytdi Ero.

Fransiya BMT Xavfsizlik kengashi uchun Suriyada yarashuv tartibini kiritish va isyonchilar nazoratida bo‘lgan Halabning sharqida Rossiya-Suriya aviahujumlarini to‘xtatish talabi bildirilgan rezolyutsiya loyihasini tayyorladi.

Eroning aytishicha, ushbu loyiha Halab ustidan harbiy aviatsiyaning parvoz qilishini taqiqlashni nazarda tutadi. "Biz Halab yer bilan bitta bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz", deb aytdi Ero.

Rossiya Xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi sifatida taqiqlov qo‘yish huquqiga ega va Ero rezolyutsiyaning qabul qilinishi anchagina sa'y-harakatlarni talab qilishini tan oldi. Hozirda Moskva taklif qilingan rejaga rozi bo‘lishi-bo‘lmasligi mutlaq noaniq. 

Avvalroq Rossiya BMTning Halabda zo‘ravonlikning to‘xtatilishiga qaratilgan rejasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid