Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Der Standard: Erdo‘g‘an G‘arb va'dalaridan charchadi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan Istanbulda muzokaralar o‘tkazdi. Siyosatchilar bundan avval, Jahon energetika kongressining maxsus sessiyasida ham ishtirok etishdi. Ta'kidlash joizki, bu uchrashuv ikki davlat yetakchilarining oxirgi ikki oydagi uchinchi uchrashuvidir. Avstriyaning Der Standard nashriga ko‘ra, Anqara va Moskva aloqalarining mustahkamlanishi Turkiyaning AQSh va YeI berayotgan ijrosiz va'dalardan hafsalasi pir bo‘lganini ko‘rsatadi.
«Erdo‘g‘an Suriyaga kirishi uchun Rossiyaning roziligini qo‘lga kiritishni xohlagan edi. Anqara kurdlarning g‘alabali yurishiga chek qo‘yishni istayotgandi», — deb yozadi maqola muallifi.
Maqolada yozilishicha, Vladimir Putin «turk qo‘shinlarining Suriyaga kirishiga ruxsat berganiga javoban, Erdo‘g‘an ham hamkasbidan qarzdor bo‘lib qolgani yo‘q. Kutilmaganda, Turkiya rahbari Rossiyaning Suriyadagi harakatlarini tanqid qilmay qo‘ygan».
Shu bilan bir vaqtda, Qo‘shma Shtatlar «turk yetakchisini yalintirmoqda» va hamon harbiy davlat to‘ntarishini uyushtirganlikda gumon qilinayotgan Fathulloh Gulenni topshirayotgani yo‘q. O‘z navbatida, YeI va'da qilgan vizasiz tartibni joriy qilishni xohlamay, «oyoq tirab turib olgan».
«Shunga qaramay, Erdo‘g‘an yakkalanib qolgani yo‘q. Uning xalqaro maydonda avvalgi yangi qadrdoni bo‘lgan — Vladimir Putin bor», deb yozadi Avstriya nashri.