Jahon | 22:07 / 07.11.2016
17340
6 daqiqa o‘qiladi

Dunyo yetakchilari AQShdagi prezidentlik saylovlari haqida

Foto: Getty Images

2016 yilda butun dunyo e'tibori AQShdagi saylov oldi poygasiga qaratildi. Deyarli barcha taniqli insonlar bu voqega o‘z munosabatini bildirdi. Politico nashri dunyo yetakchilarining AQShdagi prezidentlik saylovlariga munosabatini bir maqolaga jamlab, havola qildi:

1. Kristofer Peyn, Avstraliya mudofaa vaziri:

"Bu juda qo‘rqinchli. Amerikada zo‘ravonlikka aylanib ketayotgan namoyishlarni ko‘rib turibmiz. So‘zsiz demokratiya kuchli bo‘lishi kerak, biroq shafqatsiz emas. Fikrimcha, Donald Trampning paydo bo‘lishi — AQSh uchun katta muammo, bu ularning demokratiyasini qisman juda g‘alati ko‘rsatadi".

2. Zigmar Gabriel, Germaniya vitse-kansleri: 

"Donald Tramp, Marin Le Pen, Gert Vil­ders — bularning barchasi nafaqat dunyo va ijtimoiy birdamlikka, balki iqtisodiy taraqqiyotga ham tahdid soladi". 

3. Jastin Tryudo, Kanada bosh vaziri Tramp g‘alaba qozongan taqdirda amerikaliklar migratsiyasi imkoniyati haqida:

"Gap shundaki, Keyp-Breton (Yangi Shotlandiya shimoli-sharqidagi orol, Kanada) yilning barcha mavsumlarida ajoyibdir. Agar insonlar o‘z qarashlari foydasiga tanlovni amalga oshirishsa, Kanada eshiklari ular uchun doim ochiq bo‘ladi". 

4. Frank-Valter Shtaynmayyer, Germaniya tashqi ishlar vaziri Trampning "Eng avvalo Amerika" (America First) tamoyili haqida: 

"Umid qilamanki, AQSh saylov kampaniyasining a'zolari reallik hissini yo‘qotishmaydi. Dunyo xavfsizlik me'morchiligi o‘zgardi, u endi ikki ustunga tayanmaydi. Uni bir tomonlama hal qilib bo‘lmaydi". 

5. Turk ibn Feysal As-Saud, Saudiya Arabistoni shahzodasi va mamlakatning AQShdagi sobiq elchisi, Trampning musulmonlarni kiritishni taqiqlash taklifi haqida: 

"Amerika Qo‘shma Shtatlaridek davlat "Bu insonlarni mamlakatga qo‘ymaymiz", deydigan kishini prezident sifatida tanlashiga hech qachon ishonmayman". 

6. Ken'itiro Sasae, Yaponiyaning AQShdagi elchisi: 

"Saylov oldi poygasi davomida AQShning izolyatsion pozitsiyasi foydasini ko‘zlovchi so‘zlar yangradi. Men bunday Qo‘shma Shtatlarni ko‘rishni istamayman. Men faqatgina Amerika bilan cheklanib qolmaydigan, kuchli mamlakatni ko‘rishni xohlayman". 

7. DPRK Today ustuni, Shimoliy Koreya (Trampning Seul to‘lovlarni amalga oshirmasa, Janubiy Koreyadan AQSh  qo‘shinlarini olib chiqishni taklif qilganidan keyin chop etilgan maqolada): 

"Tramp ta'riflanganidek ahmoq, qo‘pol va tarbiyasiz emas ekan, aksincha, u dono siyosatchi va uzoqni ko‘ra biluvchi inson bo‘lib chiqdi".

8. Klaudia Ruis Mase, Meksika tashqi ishlar vaziri:

"Bugun, XXI asrda, AQShda joriy etilgan murosasizlik atmosferasida shunday xabar yangramoqda: meksikaliklar ketishlari kerak. Biror bir jihati bilan ajralib turuvchilarni izolyatsiya qilish, ozchilikni aybdor qilish, begonalarni qoralash".

9. Bashar Asad, Suriya prezidenti: 

"Bizningcha, hozir ularning siyosiy ahvoli rekord darajada past. Biz har safar AQShning bo‘lg‘usi prezidenti avvalgisidan donoroq bo‘lishiga, piromaniyaga yo‘liqmaganligiga hamda urushga yo‘nalmaganligiga umid qilamiz. Amalda esa buni ko‘rmaymiz. Prezidentlar orasidagi farq katta emas. Shunday ekan, biz avvalgidek bo‘lmasa-da, umid qilishda davom etamiz".

10. Fransiya prezidenti Fransua Olland Tramp haqida:

"Uning qiliqlari hattoki AQSh aholisining hayratiga sabab bo‘lmoqda, ayniqsa prezidentlikka nomzod shaxs zobitlar, ularning xotirasi haqida yaxshi gap gapirmasa. Agar Tramp g‘alaba qozonsa, buning oqibatlarini uzoq kutishga to‘g‘ri kelmaydi, chunki Amerika saylovlari - bu dunyo saylovlari. Demokratiya ham xavf ostida qoladi".

11. Anders Fog Rasmussen, NATOning sobiq bosh kotibi, Barak Obamaning harbiy kuchlarni qo‘llashni istamasligi haqida:

"Amerika chekinganidan so‘ng bu makonda bo‘shliq paydo bo‘ladi va uni tezda "yomon yigitlar" egallaydi".

12. Sergey Lavrov, Rossiya tashqi ishlar vaziri:

"Ingliz tili ona tilim emas, shu bois mening so‘zlarim "munosib" yangrashiga ishonchim komil emas. Ikki partiyaning ham saylov oldi kampaniyalarida haddan ziyod ko‘p "mushuklar" kezmoqda. Shuning uchun bu masalani izohlamaganim afzal". 

13. Rodrigo Duterte, Filippin prezidenti, Xitoydagi ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvda:

"Amerika mag‘lub bo‘ldi. Men o‘z qarashlarimni qayta ko‘rib chiqdim. Ehtimol, men Putin bilan suhbatlashish va unga endi hammaga qarshi uchovlon (Xitoy, Filippin, Rossiya) ekanimizni aytish uchun borib kelarman. Bu yagona yo‘l".

14. Rossiya prezidenti Vladimir Putin: 

"Afsonaviy, o‘ylab topilgan muammolar qatoriga AQSh jazavasi ham kiradi, Rossiyaning Amerikadagi prezidentlik poygasining borishiga ta'siri borasida bundan boshqa so‘z ayta olmayman. Odamlar e'tiborini go‘yoki rossiyalik xakerlar, josuslar va agentlarga qaratish oson. Nahotki kimdir Rossiyaning Amerikadagi saylovlarga haqiqatdan ham ta'sir o‘tkazishi mumkinligiga jiddiy qaraydi? Amerika - "bananlar o‘lkasi" emas, buyuk mamlakat, axir". 

 

Mavzuga oid