Jamiyat | 20:42 / 08.11.2016
7184
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 4ta OTM Yevroittifoq universitetlari bilan hamkorlik qiladi

Foto: Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi delegatsiyasi

O‘zbekistondagi 4ta oliy ta'lim muassasasi Erasmus+ dasturi bo‘yicha Yevropa ittifoqi hududidagi universitetlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda YeIning Toshkentdagi delegatsiyasi ma'lumoti asosida «Gazeta.uz» xabar bergan.

Aniqlik kiritilishicha, Guliston davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali, Navoiy davlat pedagogika instituti va Nukus davlat pedagogika instituti ushbu dastur doirasida hisoblanadi.

Erasmus+ dasturi tanlovi yakunlari bo‘yicha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining yangi loyihasini moliyalashtirilishi belgilangan. Uning bazasida yangi Jan Monne nomidagi Yevropa huquqi va siyosati kafedrasi tashkil etilib, magistrlar uchun yangi fanlararo kurs ishlab chiqiladi.

Joriy yilda Erasmus+ uchun O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalari salohiyatini oshirish bo‘yicha 7ta loyiha tasdiqlangan. YeIning 15 davlatidagi 23 universitet Toshkentdagi 6ta, hududlardagi 16ta OTM bilan hamkorlikni amalga oshiradi. O‘zbekistondagi 38ta OTMning 240 nafardan ziyod vakili Yevropadagi 25ta universitetda malaka oshirib, tahsil oladi. Yevropadan esa 100 nafarga yaqin o‘qituvchi va doktorantlar ma'ruzalar o‘qish, tadqiqotlar o‘tkazish va tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonga keladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid