O‘zbekiston | 13:57 / 16.11.2016
7660
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish – ustuvor vazifa

Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturi saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otayotganligi sir emas. Binobarin, unda ilgari surilgan maqsad va vazifalar avvalambor, odamlarimiz hayotida uchrayotgan muammo va dolzarb masalalarni hal qilishga, ularning turmush sifatini yanada yaxshilashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. 

Xususan, dasturda rivojlangan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, fuqarolarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini amalga oshirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish siyosiy tizimni rivojlantirish sohasidagi ustuvor vazifalar sifatida belgilab olingan.

Nomzodimiz dasturida davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, “Kuchli davlatdan–kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasini hayotga tatbiq etishni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. Bunda, davlat hokimiyati tizimida demokratik tarzda shakllantiriladigan, halq xokimiyatining timsoli bo‘lgan Parlament rolini kuchaytirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid eng muhim vazifalarni hal etish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan. 

Shuningdek, har qanday demokratik jamiyatning ajralmas qismi bo‘lmish ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash, partiyalararo sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatida siyosiy partiyalar guruhlarining rolini kuchaytirish, ijro hokimiyati organlari faoliyatini nazorat qilish borasidagi vakolatlarini kengaytirishga alohida urg‘u berilgan.  
Nomzodimiz dasturida, ayniqsa, vakolatlarni markazdan joylarga berish g‘oyasi ilgari surilayotgani e'tiborga molikdir. Hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta'minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasidagi barcha bo‘g‘inlardagi hokimiyatlarning vazifa va vakolatlar tizimini takomillashtirish nomzodimiz e'tibori markazida bo‘ladi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, oldimizda taraqqiyotimizning bugungi bosqichida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida kechayotgan islohotlarning hayotiyligini ta'minlash, jumladan, 2030 yilga qadar respublika yalpi ichki mahsulotini ikki baravarga ko‘paytirish, hududlarni mamlakat rivojlanishining asosiy lokomotiviga aylantirish kabi o‘ta muhim vazifalar turibdi. Bu bevosita joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligi va salohiyatiga, rahbar xodimlarning uddaburonligi, fidoyiligiga bog‘liq. Shundagina qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlar hamda davlat dasturlarining so‘zsiz ijro etilishiga, ularning havoda muallaq turib qolmasdan, odamlar hayotiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishiga erishiladi.

Shu ma'noda, nomzod yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, halol, o‘z Vatani va xalqiga sodiq kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratish ustida jiddiy ish olib borilishini qayd etdi. Kadrlar tayyorlash tizimini va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat boshqaruvi va uning apparati faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi (yangi tahrirda) va “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish nazarda tutilgan.  

Mahalla tuzilmasining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy asoslari va moddiy bazasini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ham nomozdimiz diqqat e'tiboridadir. 

Shu o‘rinda yana bir gap. Nomzodimiz dasturida ilgari surilayotgan maqsad va vazifalarning zamirida odamlarni hayotdan rozi qilish g‘oyasi mujassam.Ularni hayotga to‘liq tatbiq etishdan el-yurtimizga naf bo‘ladi, xalqimiz davlatdan rozi bo‘ladi. Ayniqsa, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda davlat xizmatchilari tomonidan sansalorlik va mas'uliyatsizlik holatlariga butunlay barham berish ko‘zda tutilayotgani diqqatga sazovordir. 

Shuning uchun rahbarlar muntazam ravishda xalq orasida bo‘lib, shaxsiy qabullar tashkil etishlari, joylardagi muammolarni hal qilishlari zarur. Bundan keyin joylardagi rahbarlar faoliyatiga birinchi navbatda ular boshqarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho beriladi. Qisqa qilib aytganda, rahbarlarga xalqning o‘zi baho beradi.

Bu siyosiy islohotlar o‘z navbatida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, qonunlar, qarorlar va manzilli dasturlarning so‘zsiz amalga oshirilishiga, aholini o‘ylantirayotgan ko‘plab muammolarni hal qilishda joylardagi hokimiyat va boshqaruv organlari mas'uliyatini kuchaytirishga, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz farovonligini ta'minlashga xizmat qiladi.  

Biz, bo‘lajak saylovda ana shunday ezgu vazifalarni o‘ziga dasturiy maqsad qilib olgan O`zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlab, ovoz berishga chaqiramiz!

O`zLiDeP Matbuot xizmati.

Reklama huquqi asosida.
 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid