Jamiyat | 18:56 / 16.11.2016
37740
13 daqiqa o‘qiladi

Nikoh marosimiga tegishli bid'at-xurofotlar borasida tasavvurga egamizmi?

Bismillahir rohmanir rohiym!

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.

Juft-juft bo‘lib istiqomat qilishimiz uchun erkak va ayol qilib yaratgan Alloh taologa hamdu sanolar, shar'iy yo‘l bilan oila qurib, hamjihatlikda yashashimiz uchun Alloh taolo tomonidan nozil qilingan hukmlarni bekamu ko‘st yetkazgan ikki olam sarvari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar bo‘lsin.

Xalqimiz o‘z hayotini to‘ylarsiz tasavvur qila olmaydi. Demak, har kuni bo‘layotgan to‘ylar hayotimizning ajralmas qismi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

Aslida, buning hech qanday yomon tomoni yo‘q. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining sahobiylariga to‘y qilish borasida turli ko‘rsatmalarni berib borganlar. Jumladan:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurrohmon ibn Avf roziyallohu anhuda sariqlik alomatini ko‘rib:
«Bu nima?» dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, danak og‘irligidagi tilloga bir ayolga uylandim», dedi u.
«Alloh senga baraka bersin! Bir qo‘y so‘yib bo‘lsa ham to‘y qilgin», dedilar». 
(Beshovlari rivoyat qilishgan).

Bizni tashvishga solgan va so‘z yuritmoqchi bo‘lgan mavzu mazkur to‘ylar haqidagi tushunchani su'istemol qilib, undan dushmanlarimizning ustalik bilan foydalanib qolishlaridir. Qanday qilib, deysizmi?

Buni tushunishimiz uchun taxminan 80 yil orqaga nazar solishimiz kerak bo‘ladi. «Oktyabr» inqilobidan keyin sekin-astalik bilan tub aholini o‘zligidan, madaniyatidan, milliyligidan va dinidan ayirib, tarixini, o‘tmishini unutgan, u haqda qiziqishi ham yo‘q bo‘lgan tayyor xizmatkor, itoatkor qul va cho‘rilarga aylantirish siyosati amalga oshirila boshlandi. Bu xudosizlar tuzumining uzoq yillarga mo‘ljallangan, puxta rejalar bilan mustahkamlangan asosiy g‘oyalaridan biri edi.

Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan nikoh to‘ylari ham ularning mazkur rejalarini amalga oshirish uchun juda ham qulay va juda ham tez natija beradigan imkoniyat edi. Sho‘rolar bu imkoniyatdan unumli foydalandilar.

Birinchidan, nikoh to‘ylarini tunda o‘tkazishni joriy qildilar.
Ikkinchidan, bu to‘yda kelin-kuyovning bevosita ishtirok etishi ta'minlandi.
Uchinchidan, to‘yda erkak va ayollarning birgalikda, aralash holda bo‘lishi joriy qilindi.
To‘rtinchidan, ularga ruslarni o‘rnak qilib, erkak-ayol birgalikda raqs tushish odatini kiritdilar.
Beshinchidan, mazkur ishlarning barchasi ko‘ngildagidek amalga oshishi uchun davrani o‘zlarining shahvoniy kuy va qo‘shiqlari bilan qizdirib turadigan san'atkorlar bilan ta'minladilar.
Oltinchidan, to‘ylarning vaqtini chegaralamay, balki tong otgungacha davom etadigan qildilar.
Yettinchidan, eng asosiysi, ziyofatda solingan dasturxonlardagi noz-ne'matlarning «ko‘rki» sifatida spirtli ichimliklar tortildi.

Bu ro‘yxatni xohlagancha davom ettirish mumkin. Lekin shunisi ham yetarli deb o‘ylaymiz.

Natija qanday bo‘ldi dersiz? Sho‘rolar o‘ylaganidan ham ko‘proq samara berdi. Xalqimiz bu bid'atlarni chin qalbdan va ochiq chehra bilan qarshi oldi. Shuning samarasi o‘laroq, xalqimizga: «Mazkur bid'atlar bizning milliy urf-odatlarimizdan emas, balki bizning ma'naviyatimizga, madaniyatimizga, dinimizga yot narsalar!» desangiz, ular sizga: «Bekorlarning beshtasini aytibsan, ota-bobolarimiz shunday qilib kelishgan», deb yoqa yirtib talashadigan bo‘lib ketdilar.

Bu borada har qancha dalil-isbotlar keltirsangiz ham xalqimizni asl haqiqatga ishontirib bo‘lmaydigan holatga kelib qoldilar. Eng achinarlisi, mazkur bid'at hali hanuz o‘z-o‘zidan urchib, xalqimizning qon-qoniga «ota-bobolarimiz ma'naviyati» tarzida singib ketmoqda.

«Yomon qovunning urug‘i ko‘p bo‘ladi», deganlaridek, mazkur yomonlik ham kundan-kunga bolalab, ko‘payib bormoqda. Avvallari ushbu yomonlikni ko‘paytirish uchun sho‘rolar jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lsalar, hozirda «ommaviy madaniyat» xodimlari tomonidan urchitilib, yurtimiz yoshlarini o‘z girdobiga tortmoqda. Quruq bo‘lmasligi uchun tungi bazmu jamshidlarda paydo bo‘layotgan ba'zi bir yomonliklardan misol keltiramiz:

1. Tasavvur qiling, kelin-kuyov hashamatli to‘yxonada shahzoda va malikalardek davra to‘ridagi taxti ravonda o‘tiribdilar. Ularni bu xursandchilik bilan tabriklaydiganlar, muborakbod qiladiganlar son-sonoqsiz. Lekin nimadir yetishmaydi. Ha, to‘g‘ri topdingiz, farishtalar yetishmaydi. Kelin-kuyovlarni o‘zlariga o‘xshash insonlarning tabriklari qoniqtirmay qo‘ydi. To‘g‘ri-da, nima uchun farishtalar kelib tabriklamasligi kerak ekan. Bu muammo ham osongina o‘z yechimini topdi. Ishbilarmonlar tezda farishtadek begunoh norasida qizaloqlardan qo‘shtirnoq ichidagi «farishta»larni yasashdi. Ular o‘zlarining noqis tasavvurlarida farishtalarni qanday deb bilsalar xuddi shunday qilib yasashdi. Ha, to‘g‘ri-da, tirikchilikning aybi bormi? Hattoki, norasida qizaloqlar mehnatining evaziga bo‘lsa ham. Xalqimiz «mushuk bekorga oftobga chiqmaydi» deganlaridek, soxta farishtalar ham bekorga sahnaga chiqmaydilar. Zotan, ularning ortidan mo‘maygina daromadni ko‘zlab tinmay mehnat qilayotganlar bor. «Farishtalar»ning har bir chiqishlari taxminan 50-100$ turadi!

2. Tungi bazmi jamshid tugallanish arafasida raqsga tushaverib tinkasi qurigan barcha ishtirokchilar xotima o‘rnida kelin-kuyovni davraga tushib, hammaning ko‘z o‘ngida bir-birining pinjiga kirib raqsga tushishlarini talab qiladilar. Bu raqsning alohida nomi «vals»dir. Bu aslida g‘arbliklarning alohida mashhur raqslaridan biridir. Mazkur raqs xalqimizga begona bo‘lganligi tufayli uni kelin-kuyovlar bilmasliklari aniq. Lekin buning tashvishlanarli joyi yo‘q. Chunki uni o‘rgatadigan mutaxassislar yetarli bo‘lib, ularning puliga chidasangiz bo‘ldi.

Obro‘ kerak bo‘lganidan keyin pulning yuziga qaramaydiganlar keraklicha topiladi. Qarabsizki, bu ish ham bitdi. Kelin-kuyov sabr bilan qimmatli vaqtlaridan 2-3 oyni ajratsalar bo‘ldi. Xizmat haqqi ham unchalik ko‘p emas. 400-500$ bo‘ladi xolos. Ha, nima qilibdi, umrida bir marotaba bo‘ladigan narsa-da, qarzga botib bo‘lsa ham qilishi kerak, axir ularning birovdan kam joyi bormi?

3. Bazmi jamshidda kelin-kuyovlarning nikoh to‘yigacha bo‘lgan vaqt ichida nimalar bilan shug‘ullangani, necha marotaba uchrashgani, qaysi istiroxat bog‘larida aylangani, bozorlarga borib nimalar xarid qilgani, qanday qilib tanishib, pinhona uchrashib yurganlaridan tortib, qo‘yingki, barcha mayda-chuyda, ikir-chikirlarigacha video lavha qilib, to‘yxonada hammaga namoyish etish odati ham paydo bo‘ldi.

Aslida, bularning barchasi har bir insonning shaxsiy hayoti bo‘lib, bu to‘g‘risida odamlarga lavhalar ko‘rsatish pastkashlik, oriyatsizlik va dayuslikdir.

To‘g‘ri, bir necha yillar oldin xuddi shunga o‘xshash holat oynai jahon orqali alohida ko‘rsatuv qilinib, namoyish etilgan edi. Keyinchalik bu bachkanalikka barham berilgandi ham. Lekin ildizi bilan qo‘porib tashlanmagan shekili, hozirda to‘yxonalarda o‘sha illat yana bo‘y cho‘zib qoldi.

4. Tungi nikoh to‘yining oxirida kelin sahnada to‘y ishtirokchilariga teskari holda turadi, qo‘lida esa guldasta. Orqasida bir guruh hali turmushga chiqmagan qizlar saf tortib turishadi. Kelin gul dastani orqasiga qaramagan holda otadi. Orqasida turgan qizlarning qaysi biri guldastani ushlab olsa, uning baxti ochilar emish!

Bu ham «ommaviy madaniyat» nomi ila g‘arbliklardan kirib kelgan bir bid'at. Shu bilan bir qatorda, o‘ljani qo‘lga kiritish maqsadida qo‘yilgan qopqondir. «Vahima qilmasangizchi, buning nimasi yomon», dersiz ehtimol. To‘g‘ri, zohiriy ko‘rinishidan hech qanday yomonligi yo‘q, oddiy xursandchilikning bir ko‘rinishiga o‘xshab tuyiladi. Aslidachi? Bir paytlar turmushga chiqish to‘g‘risida gap-so‘z bo‘ladigan bo‘lsa, yuzlari anorday qizarib, ko‘zlari yer chizib qochgani joy topa olmay qoladigan O‘zbekning, Musulmonlarning hayoli, iboli qizlari hozirda bir necha erkak tomoshabinlarning ko‘z o‘ngida «Men ersirab qolganman», degandek guldastaga tashlanishi to‘g‘rimi?

Balki, bu odat kimlargadir faxr, obro‘dir. Lekin bizlarning millatimizga emas. Bizlarning qizlarimiz iymonu islom, diynu diyonat, axloqu odob, hayoyu iffat va oru nomus bilan bezangandirlar. Hattoki, ulardan o‘z otalari: «Falonchidan sovchi kelibdi qizim, nima deysan?» deb so‘raganlarida ochiqchasiga javob berishga hayo qilganlar.

Mazkur haqiqat payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida o‘z ifodasini topgan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon qizlaridan birortasini uzatmoqchi bo‘lsalar, uning pardasi oldiga o‘tirib, «Falonchi Falonani zikr qilmoqda», deb, uning ham, uni zikr qilgan erkakning ham ismini aytar edilar.
Agar u sukut saqlasa, nikohlar edilar. Agar u qiz yoqtirmasa, pardani chertar edi. Qachon qiz pardani chertsa, uni nikohlamas edilar».
(Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Xalqimizdagi «sukut alomati rizo» degan naql ushbu hadisi sharifdan olingandir. Azizlar, bu madaniyat, ma'naviyat, axloqu odob, qizlarning hayosi, iffatlarining qanday bo‘lganini tomosha qiling! O‘rganing va amal qiling!

Mana azizlar, birgina bid'at bir necha marotaba bolalaganining guvohi bo‘ldingiz. Bu hali hammasi emas! Mazkur bid'at bolalashda davom etmoqda.

Eng achinarlisi esa, uning kundan-kunga ko‘payib borishiga o‘z hissasini qo‘shayotgan insonlar xalqimiz ichidagi eng taniqli kishilar ekanligidir. Mazkur ro‘yxatning birinchi va ikkinchi o‘rinlarida, albatta, o‘ylaganingizdek xonandalar va aktyorlar turadi (hozirgi kunda bu ikki toifa aralashib ketgan).

Bular tomonidan qilinadigan barcha yaxshi va yomon ishlar xalqimizga tezda yetib boradi va ta'sir ko‘rsatadi. Zotan, oynai jahon, matbuot va ko‘pgina axborot vositalari ham tinmay ularni tashviqot qilishga xizmat qilmoqda. Lekin ularga bu vositalarning ham xizmati kamlik qilmoqda shekilli, hozirgi kunda o‘z nikoh to‘ylarini oynai jahonda ko‘rsatishlikning imkoniyati bo‘lmaganligi tufayli alohida disklarga yozishib, ularni noqonuniy yo‘llar bilan bo‘lsa ham tarqatish payida bo‘lishmoqda. To‘g‘rirog‘i, ularni «ommaviy madaniyat»ning jarchilari hamda xodimlari, desak adashmagan bo‘lamiz. Bundan boshqa nima deb ham atash mumkin?!

Mazkur illatlarning barchasini boshida ilmsizlik yoki bilsada unga amal qilmaslik turibdi. Shu o‘rinda, bilganlar uchun eslatma, bilmaganlarga esa bilib amal qilishlari uchun xulosa o‘rnida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadisi sharifni naql qilib keltiramiz:

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, eng sodiq Kalom, Allohning Kitobidir, eng yaxshi hidoyat, Muhammadning hidoyatidir. Ishlarning eng yomoni, yangi paydo bo‘lganlaridir. Har bir yangi chiqqan ish, bid'atdir. Har bir bid'at, zalolatdir. Barcha zalolat, do‘zaxdadir», dedilar».
(Ikki Shayx va Nasaiy rivoyat qilishgan. Nasaiyning lafzi).

Ishoqjon BeGMATOV
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi, 
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Mavzuga oid