Sport | 18:48 / 21.11.2016
17978
19 daqiqa o‘qiladi

Yevropacha futbol: Germaniyada tarix yaratgan «la'nati» jamoa

Foto: Bild

Tribuna.uz saytida bundesligadagi ilk mavsumidayoq grand raqiblar orasida yetakchiga aylangan, nafaqat Germaniya futbolida, balki dunyo bo‘ylab katta dovruq qozonga yangi nom, 7 yil oldin asos solingan «Leyptsig» jamoasi haqida maqola yozildi. Quyida ushbu maqola o‘zgartirishlarsiz keltirilgan.

Boshidan tan olib aytay, futbolga katta investitsiyalar orqali inqilob olib kiradigan jamoalarni ma'qullayman. Yangi bir kuchli jamoaning yaralishiga, raqobatning oshishiga, futbolning yanada tomoshabop bo‘lishiga ko‘maklashadigan omillardan biri bu, menimcha. Zamonaviy futbolning talabi shunaqa. Aslida esa yorqin tarixga ega bo‘lmay turib birdaniga yuqori o‘rinlarga da'vogar bo‘lib olgan jamoalar ko‘pchilikka yoqmaydi. Sevimli jamoasi yillar davomida erishgan sovrinlarga qisqa muddatda da'vogar bo‘lib olgan loyiha har doim ham munosib kutib olinmasligi tabiiy. Bugun siz bilan gaplashmoqchi bo‘lgan jamoa ham xuddi shunday yo‘lni bosib o‘tayotgan yangi loyihalardan biri. Ko‘pchilik ko‘rarga ko‘zi yo‘q, lekin bitta jamoa chempionligi bilan muxlisning me'dasiga tegib ketgan chempionatda inqilob yasab, yetakchi bo‘lib olgan «Leyptsig» haqida.

Mislsiz nafrat timsoli

«RazenBalshport» yoki qisqacha aytganda «RB Leyptsig» — bugungi kunda germaniyalik muxlislarning eng ko‘rarga ko‘zi yo‘q jamoasi deyish mumkin. Jamoaga butun boshli liganing bu qadar nafratini boshqa joyda uchratishingiz qiyin. «Leyptsig» tashkil topganidan 7 yil o‘tib, to‘rtta divizion yo‘lini bosib o‘tdi. Har safar jamoa yuqori divizionga ko‘tarilgani sari unga bo‘lgan nafrat oshsa-oshdiki, kamaygani yo‘q. Ammo «RB» ommaviy tanqidlar sabablar katta bosim ostida qolgan deb o‘ylasangiz adashasiz. «Leyptsig» uchun bu kabi xeyterlarning qanday o‘ylashi — bir pul.

«Leyptsig» balki dunyoda birorta bir «sherigi» yoki «akalik» qiluvchi klubi ham yo‘q yagona professional futbol jamoasi bo‘lsa kerak. Hattoki yana bir nafratlar qurshovidagi «Hoffenhaym» muxlislari ham ijtimoiy tarmoqlar orqali mashhur bo‘lib ketgan «I know that feel bro» memi bilan ularga sherik bo‘lish o‘rniga «Bizni unvonni qaytarib bering. Germaniyada eng yomon ko‘riladigan jamoa – biz» deb yozilgan bannerlar bilan sharqliklar jamoasini bundesligada kutib olganini o‘ziyoq jamoaga munosabatning qanday ekanini ko‘rsatib turibdi.

Lekin shuncha to‘siqlar, bosimga qaramay jamoaning bugungi saviyaga yetib kelishining siri nimada o‘zi?

Menejyer-odam

«Leyptsig»da maxsus loyihalar bo‘yicha Germaniyaning birinchi raqamli menejyeri Ralf Rangnik ishlaydi (ha, ha, qo‘shilaman, qaysidir jihatlari bizdagi menejyer faoliyatiga o‘xshab ketsa kerak). Aytishlaricha, Ralf Rangnik savdo markazlariga borganida doim mashinasini avtomobillar to‘xtash parkining ikkinchi qavatiga qo‘yarkan. Chunki u doim eng quyidan tepaga ko‘tarilishni yaxshi ko‘radi.

Mintaqaviy liga –> Uchinchi liga –> Ikkinchi bundesliga –> Bundesliga. Rangnikning bu marshrut bo‘ylab harakati ikkinchi marta amalga oshirildi va har ikkisida ham mutaxassis belgilangan topshiriqni muvaffaqiyatli uddaladi. «Hoffenhaym»da ham mana endi «Leyptsig»da ham. Bu «Leyptsig» sport direktorining o‘z maqsadi yo‘lida qanday harakat qila olishini ko‘rsatib turibdi. Uning natijasidan yaxshirog‘ini, yaxshirog‘i uyoqda tursin shu natijani takrorlashni yana kimdir va qachondir uddalashiga ishonish qiyin.

«Bizni juda yomon kutib olishlariga tayyor edim. Germaniyada ko‘pchilik odamlar yangilardan o‘zinikini himoya qilib olishga o‘rganib qolgan. Ammo bu normal holat. Facebook yoki Google’ga ko‘p millionli armiya ham birdan kirib qolmagan. Biz tanqidchilarga zamonaviy hujumkor futbol bilan javob qaytaramiz. Printsipim – 0:0dan 3:3 ming marta yaxshi», degandi Rangnik.

O‘tgan mavsumda Rangnik jamoadagi faoliyatini kengaytirdi va birinchi ligadan jamoani yuqoriga olib chiqish uchun bosh murabbiylik vazifasini ham (rostan ham o‘zimizdagi vaziyatga o‘xshaydi) bajardi. Eng qizig‘i u bu ishni ham muvaffaqiyatli yakunlay oldi. Uning tanaffusda yechinish xonasidagi jamoani ruhlantirish uchun qo‘llaydigan noodatiy treninglari «RB»ga bundesliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda yordam bergani shubhasiz. Quyidagi rolik jamoa bundesliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «Karlsrue»ga qarshi uchrashuvning tanaffus paytida olingan. Tasvirlarni tushunish uchun nemischani bilish ham shart emas. Shunchaki kuzatuvda ham Rangnik nimalar demoqchi bo‘lganini tushunish mumkin va videotasvir oxirgi soniyalargacha ko‘rishga arziydi.

Kerakli paytda hozir murabbiy

Uch yil oldin Ralf Xazenxyuttl haqida Avstriyaning o‘zidan boshqa joyda bilishlari amri mahol edi. Germaniyada faoliyati yuritayotgan mutaxassis ikkinchi bundesligada 9 uchrashuvdan keyin 7ta mag‘lubiyat bilan so‘nggi o‘rinda borayotgan «Ingolshtadt» boshqaruvini taklif qilishdi. Ralf mavsumning qolgan qismida jamoa o‘zini tiklab olishini ta'minladi. Keyingi mavsumda esa kamtargina byudjyetga ega jamoani bundesligiga qadar olib chiqishni uddalay oldi.

Bundesligadagi birinchi mavsumidayoq ortga qaytib ketishi kutilgan jamoani 11-o‘rinni egallashini ta'minladi. Mahalliy muxlislar uchun 2 yilda qahramonga aylangan mutaxassis mavsum so‘nggida yangi shartnoma tuzmasligini, yangi maqsadlarni mo‘ljallagan yangi loyihada ishlashini ma'lum qildi. Imkoniyatlari va ambitsiyalari yuqori bo‘lgan «Leyptsig»da ishlay boshlagan Xazenxyuttl muxlis-u mutaxassislarni ajablantirishda davom etmoqda. 

Inson va u chetlab o‘tgan qonunlar

Marketing olamidagi qallob, la'nati kapitalist shunga o‘xshab o‘nlab tavqi la'natlar nomi bilan bilan eslanadigan «Red Bull» energetik ichimliklar ishlab chiqarish konserni rahbari Ditrix Mateshitsga nemis futboli uchun chipta 350 000 yevroga tushgan. Aynan shuncha pulga jamoa mahalliy «Markranshtadt» klubi litsenziyasini sotib oladi. Savdo shu qadar sof va toza amalga oshirildiki, Germaniya iqtisodiyotining qat'iy cheklovlariga chap berib o‘tgani uchun «Red Bull» yuristlariga o‘sha yili yurisprudensiya sohasida Pulittser mukofotini berilishi to‘g‘ri bo‘lardi. Yangi jamoa yuqoriga qarab parvoz qildi. Oradan ma'lum muddat o‘tib «Markranshtadt» jamoasi hech nima bo‘lmagandek yana o‘z ligasida paydo bo‘ldi, faqat moliyaviy imkoniyatlari ancha yaxshilangan holda musobaqada qatnasha boshladi. Jamoa yuqori ligaga chiqqanida Germaniyaning yovvoyi qonunlaridan biri bu hech bir reklamaning klub nomida bo‘lmasligi edi. O‘z ishining ustalari buni ham yo‘lini o‘ylab topishdi — «Razenbalshport Leyptsig» (maydonda to‘p tepuvchi sport klubi) nomi jamoaning to‘liq nomi uchun tanlandi va asosiy urg‘u qisqartmaga berildi — «RB». Albatta bir qarashda bu qisqartmadan «Red Bull» nomini o‘qib olish qiyin emas va qaysidir ma'noda yashirin tarzda brend reklama uchun saqlab qolindi. Bu yerda ham ishbilarmon avstriyaliklar «uloqni ilib ketishdi».

«Leyptsig»ga bo‘lgan nafratning yana bir sababi bu – Germaniyadagi 50%+1 qoidasiga amal qilmasligida. Ha, «RB Leyptsig» klubi aksiyalarini sotib olib, unga  a'zo bo‘lish – vaqtni havoga sovurishdek gap. Hattoki sizning arizangiz qabul qilingan taqdirda ham chiqariladigan muhim qarorlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berishda qatnasha olmaysiz.

Xeyterlarning aksari «Leyptsig» Sharqiy Germaniya jamoasini aynan mavjud qoidalarga bo‘ysunmasligi uchun ham yomon ko‘rishadi. Ammo bu yerda yuridik jihatdan kamchilik topa olmaysiz. Asosiy e'tiroz a'zolik uchun to‘lanadigan badal pulining kattaligiga bo‘lmoqda. Misol uchun 100 yevro «Borussiya» Dortmund yoki «Bavariya» klubiga ovoz beruvchi sifatida a'zo bo‘lishingiz imkoniyatini beradi. «RB» strukturasiga qarorlarni qabul qilish uchun 17 a'zo kirgan va bu a'zolarning barchasi «Red Bull» tizimida ishlovchi xodimlardan iborat.

Rejali menejment

Albatta jamoaning futbol ichida amalga oshirayotgan ishlarini e'tirof etmasdan iloj yo‘q. Bu yerda anchadan buyon Germaniyadagi eng yaxshi mashg‘ulotlar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jamoa yoshlari har yili turli yosh toifalarida sovrinli o‘rinlar uchun kurashmoqda. Germaniya terma jamoasining har xil yoshdagi terma jamoalarida kamida bitta bo‘lsa ham «Leyptsig» tarbiyalanuvchisini ko‘rasiz. Klub har yili akademiyani rivojlantirish uchun turli xarajatlarga 35 million yevro (bu ba'zi jamoalarning umumiy yillik byudjyetidan 10 baravar ko‘p) sarflaydi. Ditrix Mateshits esa yoshlar bilan ishlash uchun barcha jihatlardan eng yaxshi mutaxassislarni jalb qildi. Bir so‘z bilan aytganda, klub bundesligaga chiqqanida ikki qo‘lida ikki qop pulni ko‘tarib, kiyimsiz kirib kelgan bo‘riga o‘xshab qolmaslik uchun, yo‘llanmaga ega bo‘lguniga qadar uzoq muddat poydevorni eng pastki qismidan mustahkamlab bordi.

Klub Leyptsig shahri aholisini futbolga jalb qilish maksimal darajada harakat qilib kelmoqda. Hozircha kelgusida kim bo‘lish bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan bolakaylarni futbolga batamom qiziqtirish uchun maktab ta'tili paytida «Futbol maktabi» loyihasi ostida tadbirlar muntazam tashkil qilinib turibdi. 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan istalgan bola klub bilan tanishib, futbol haqida umumiy bilimlarga ega bo‘lib, o‘z vaqtini professional murabbiylardan futbol sir-asrorlari bo‘yicha saboq oladi. Bu borada so‘rov aqlbovar qilmas darajaga chiqqan. Yozgi ta'til vaqtida «RBL» mashg‘ulotlar oromgohi butunlay band qilingan bo‘ladi. «Bu aniq ko‘chada bekorga yugurib, pokemon quvlab yurishdan ko‘ra yaxshiroq», – degandi loyiha kuratorlaridan biri.

Klub tashkil etilganida uning asosiy maqsadlaridan biri hududda bolalar va o‘smirlar sportini rivojlantirishdan iborat edi. «RB» hozircha bergan barcha va'dalarining ustidan chiqmoqda. Ijtimoiy aksiya bo‘yicha klubga tushadigan barcha ortiqcha yuklarni ham xursandchilik bilan qabul qilmoqda.

Sharqiy Germaniyaning eng «g‘arbiy» jamoasi

Bundesligada so‘nggi yillarda sobiq GDR (Sharqiy Germaniya) klublarining ham sport, ham iqtisodiy jihatdan oqsashi kuzatilmoqda. Bunga qadar oxirgi marta bundan 8 yil oldin Kottbusning «Energi» bundesligaga chiqa olgani ham buni tasdiqlaydi. Eng qizig‘i liganing har qanday xodimi ham ich-ichidan bo‘lsada, iloji bo‘lsa yana uzoq yillar bu holat takrorlanishini istashadi. 

«Leyptsig» esa aynan mana shu o‘ziga xos stereotipga qarshi kurash ochgan va asta-sekin bunga barham berayotgan klub sanaladi. «Leyptsig» ajoyib o‘yinlar ko‘rsatmoqda. Qayd etayotgan natijalari ham bunga isbot bo‘ladi. Jamoa 12 turdayoq hali hech bir debyutant qilmagan ishni qilishga ulgurdi. Jamoa fan-klubi chetdan bo‘layotgan turli provakatsiyalarga qaramasdan o‘smoqda, boshqa jamoa muxlislaridan farqli ravishda,  raqibning ustidan kulish uchun emas, o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilinmoqda. Jamoa chempionatning asosiy o‘yinlarida liq to‘lishi kafolatlangan ajoyib, 43 muxlisga mo‘ljallangan stadion bilan bundesligaga tashrif buyurdi. Aslida esa bunday klubni bundesliga xursandchilik bilan kutib olishi kerak. Chunki ular ham...

Xuddi boshqalardek

«Leyptsig» bundesligada ishtirokini boshlash oldidan o‘ziga e'tiborli imij yaratish uchun katta xaridni amalga oshirishga urinib ko‘rdi va buning uchun Leroy Saneni sotib olishga harakat qildi. Jamoa bu orqali 50 mln yevroga transfer bozorining eng xaridorgir futbolchisini sotib olish imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatib qo‘yish edi. Bu jamoa uchun ham eng katta voqeiliklardan biri bo‘lishi mumkin edi. «Leyptsig» hali quyi ligada o‘ynab yurgan paytlaridayoq transferlar uchun ajratilgan byudjyet bo‘yicha Germaniyaning top-5 jamoasi safiga kirardi. Ammo Sane yakunda Angliya premer-ligasini tanladi. Rangnik bunga ham sabab topdi: «Inglizlar biz bir oyda to‘laydigan pulni bir haftada to‘lashadi. Moliyaviy jihatdan faol qo‘llab-quvvatlanayotgan bo‘lsak ham, biz pulni aql bilan sarflashni bilishimiz lozim».

Albatta, agar futbolchini sotib olish uchun 50 million to‘lay oladigan jamoa uchun u qancha maosh so‘rasa shuncha mablag‘ni berish mumkin degan fikr tug‘ilishi mumkin. Baribir sotib olishga ko‘p pul sarflangan bo‘lsa. Lekin bu «Leyptsig» juda muhim jihat bo‘lib qolmoqda. Rangnik «Hoffenxaym» bilan bir marta buni boshidan o‘tkazdi, jamoa hamon o‘zini-o‘zi qoplay olayotgani yo‘q.  Shu boisdan ham leyptsigliklar agar jamoa istagidagi yangi futbolchi o‘z talablarini oshirib yubormasa va u so‘ragan maosh klub rahbarlarini qoniqtirsa, uni istalgan narxda bo‘lsada sotib olishga tayyor turadi. Xuddi yozda sotib olingan Oliver Berkka o‘xshab.

Bir qarashda 19 yoshli hech kim tanimagan chempionship a'zosiga 17 million yevro to‘lash istalgan odamda «buncha pul bilan men ham yulduzlardan iborat tarkib tuzardim» degan fikrni uyg‘otishi mumkin. Biroq jamoaning ambitsiyalaridan kelib chiqib ular shunday yurish qilmagan taqdirda ham ularni jiddiy qabul qilishlari mumkin emasdi. «Leyptsig» bilan hisoblashib o‘tirish shart emas degan qarash paydo bo‘lishi tabiiy edi. Misol uchun shartli ravishda «Maynts» kazinoda 3 dollar tiksa, «Leyptsig» bu paytda stavkani 20 mingga oshirishga majbur. Ikkala jamoada ham imkoniyatdan kelib chiqib aytganda qiymat bir xil. Yutqazish uchun tavakkal darajasi va yutish imkoniyati bir xil bo‘ladi. Boshqa kuchliroq va imkoniyati kengroq jamoaning ham yo‘nalishi aslida shunaqa bo‘ladi.

Ilgarilab ketayotgan 2024 yil

Yevropaning yetakchi ligasida debyut qilgan mavsumidayoq chempionlik uchun kurasha oladigan ambitsiyaga ega jamoalar nomini sanab bera olasizmi? «Lester» ham premer-ligadagi bir necha mavsumlardagi ishtirokidan keyin yana elitaga qaytib, oradan bir mavsum o‘tgach, bu ishni qila oldi. Ammo APL doim istalgan jamoa, istalgan raqibni yenga oladigan kutilmagan natijalarga boy chempionat. Lekin Germaniyada, bitta jamoa bir necha yillar total ustunlik bilan chempion bo‘lib kelayotgan davlatda debyutant shunaqa karomatlar ko‘rsata olishini mo‘'jizaga qiyoslash mumkin. «Leyptsig» hali mintaqaviy ligada qatnashib yurganida kelgusida «Bavariya» bilan o‘sha «kumush tovoq» uchun kurashadigan jamoaga aylanishini bir necha marotaba aytgandi. Albatta bu gap birinchi marta quloqqa chalinganda ko‘plab muxlislar, mutaxassislar kulgan bo‘lishi mumkin. Biroq bugungi kunga kelib ular ham o‘z fikrlariga ishonmay qo‘yishdi. Mana shunday maqsadlar yo‘lidagi jamoaga nafrat bo‘lishi mantiqsizdek. Chunki Yevropadagi chempionlik uchun intrigasi eng past chempionatga katta raqobat olib kira olayotgani uchun ham jamoa hurmatga loyiq, muxlislarning mehriga munosib.

Ditrix Mateshchits hozir 72 yoshda. Yaqinda o‘ o‘zining 80 yoshlik yubileyini alohida tantana bilan nishonlash niyatida ekani va buning uchun jamoadan munosib sovg‘a kutayotganini ta'kidladi. Klubda bossning istagidan yaxshi xabardorlar. Aynan shu maqsad yo‘lida ular harakat qilishmoqda. Ammo 2016-2017 yilgi mavsumni «Leyptsig» bu qadar ishonchli boshlashini 2024 yilgacha bo‘lgan reja ishlab chiqqan jamoa vakillarining o‘zlari ham kutmagan bo‘lishi mumkin baribir. Balki jamoa mavsum so‘nggicha chempionlik uchun kurasha olmas,  YeChL yo‘llanmalari haqida gapirishga ham juda ertadir, lekin «Shalke», «Volfsburg» va «Bayyer» kabi YeChL uchun da'vogarlik qiladigan jamoalarning muvaffaqiyatsiz o‘yinlari birinchi yildayoq mo‘'jiza sodir bo‘lishiga umid bermoqda (balki «Lester» ertagi kabi barchasi yaxshilik bilan tugar). Biroq vazifa uddalanmagan taqdirda ham Mateshits oldiga maqsad qilib qo‘ygan loyiha amalga oshdi deyish mumkin. Qisqa muddatda bugungi darajaga yetishning o‘zi bu hududning o‘zi uchun juda katta natija. Katta voqeilik. Endi, qo‘rqmasdan aytish mumkinki, Leyptsig shahri haqida gap ketganda birinchi navbatda timsolida ikkita buqa tasviri tushirilgan jamoa nomi birinchi eslanadi. Faqat ulardan keyin Bax, Vagner va Gyote...

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid