Sport | 14:08 / 01.12.2016
5888
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston MTJ Turkiyada o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi

Foto: O‘FF matbuot xizmati

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2017 yilning 12 fevral kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Armaniston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi xabar berdi.

O‘yin milliy terma jamoaning 9-13 fevral kunlari Turkiyada tashkil qilinadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doirasida o‘tkaziladi.

"O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi mart oyida davom ettiriladigan jahon chempionati saralash o‘yinlari doirasidagi Suriyaga qarshi o‘yin oldidan bir qancha futbol uyushmalariga o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish borasida o‘z taklifini yuborgan. 12 fevraldagi taklifga faqat Armaniston Futbol Federatsiyasi rozi bo‘lgan. Ushbu kelishuvga erishishda ikki federatsiya o‘rtasidagi yaqin hamkorlik katta ahamiyat kasb etganligini alohida ta'kidlash kerak", deyilgan xabarda.

12 fevral FIFA taqvimiga kirmagan sana bo‘lgani sababli ikkala terma jamoa ham legionerlarsiz, ichki chempionatda o‘ynaydigan futbolchilardan iborat tarkib bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘radi.

Samvel Babayan Turkiyadagi yig‘inga legionerlarni chaqira olmagani uchun terma jamoaga nomzod bo‘lgan milliy chempionatda o‘ynaydigan futbolchilarni sinovdan o‘tkazadi.

“Biz terma jamoaning yaqin kelajakdagi zaxirasini mustahkamlash uchun, jamoa tarkibiga yangi futbolchilarni jalb qilish maqsadida ushbu yig‘inni tashkil qilyapmiz. Milliy chempionatimizda mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazgan futbolchilarni sinovdan o‘tkazish bosh maqsadimiz”, - deydi Samvel Babayan.

O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralash o‘yinlarini 23 mart kuni Suriyaga qarshi safardagi o‘yin bilan davom ettiradi. Suriya saralashning oxirgi uchrashuvida Eronni qabul qilib 0:0 hisobida durang o‘ynadi va 6 jamoadan iborat "A" guruhi jadvalida 5 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekiston esa Suriyaga qarshi o‘yindan oldin Seulda Koreyaga 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘zbekiston terma jamoasi ayni paytda guruh peshqadami Erondan 2 ochko orqada qolgan holda 9 ochko bilan 3-o‘rinni band etgan.

O‘zbekiston va Suriya o‘rtasidagi birinchi davradagi o‘yin Toshkentda o‘tgan. O‘sha uchrashuvda Aleksandr Geynrix tomonidan kiritilgan yagona gol O‘zbekistonga 1:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etgan edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid