Iqtisodiyot | 11:06 / 02.12.2016
8451
2 daqiqa o‘qiladi

Dubayda bir yilda ikki marta chegirmali savdo mavsumi joriy etiladi

Dubay hukumati bir yilda ikki marta chakana savdo festivali o‘tkazishga qaror qildi. Unda xaridorlarga yirik chegirmalar tavsiya qilinadi, deb yozmoqda Arabian Business nashri.

Dubay iqtisodiy taraqqiyot departamenti qaroriga muvofiq, chakana savdo markazlaridagi chegirmalar har yilning 1-3 dekabr va 25-27 may kunlari taqdim etiladi. 

BAAning Milliy kuniga bag‘ishlangan birinchi shunday chegirmalar savdosi 1 dekabrda boshlandi. Uch kun davom etadigan savdolarda mahalliy, mintaqaviy va xalqaro chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar 30-90 foizlik chegirmalarni taklif etmoqda. 

Odatda, Dubayda dekabr-yanvar oylari va iyul-avgust oylarida savdo festivallari o‘tkaziladi. Endilikda, shahar ma'muriyati Xitoy taqvimi bo‘yicha yangi yil hamda Hindistondagi Divali bayrami, shuningdek, boshqa davlatlardagi yirik bayramlar munosabati bilan savdo mavsumlarini joriy qilishni rejalashtirmoqda. 

Departament hisob-kitoblariga ko‘ra, chakana savdo sohasi amirlik iqtisodiyotida asosiy o‘rin tutadi. U YaIMning 30 foizini tashkil etadi. Aynan chakana savdo festivallari Dubayga yiliga 20 mln sayyohni jalb qilish strategik rejasini amalga oshirishda muhim o‘rin tutishi belgilangan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid