Jamiyat | 17:59 / 02.12.2016
3560
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi yotoqxonada chiqqan yong‘in bo‘yicha tergov komissiyasi ish boshladi

Foto: © AFP

Turkiya parlamenti payshanba kuni Adananing janubiy provinsiyasida 11 qizning hayotiga zomin bo‘lgan yotoqxonadagi yong‘in yuzasidan tergov komissiyasini tuzish haqida qaror chiqardi. Bu haqida Daily Sabah nashri xabar berdi. 

Yong‘inga nisbatan loqaydlik bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi AK Party, CHP, HDP va MHP deputatlari hamkorligida tuzilgan tergov komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqiladi.  

Bundan avval 29 noyabr kuni Turkiyaning Adana provinsiyasidagi bolalar internatida chiqqan yong‘inda 12 kishi, jumladan, 11 qizcha halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. 

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘inga elektr uzatgichdagi qisqa tutashuv sabab bo‘lganligi ta'kidlangandi. 

Bu halokatli hodisa favqulodda holatlarda xavfsizlik qoidalariga beparvolik bilan munosabatda bo‘lganlikning yana bir dalilidir. Hukumat vakillari voqea yuzasidan har tomonlama tergov ishlari olib borishga va'da berishgan. 

Ekspertlar tomonidan tayyorlangan dastlabki hisobotga ko‘ra, binodagi elektr energiyasini yetkazib beruvchi tizimlar eski bo‘lgan va bu yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, binoning yog‘och intereri yong‘inni nazoratdan chiqarib yuborgan. Favqulodda vaziyatlarga mo‘ljallangan eshiklar olovga chidamli bo‘lmagan PVXdan yasalganligi ma'lum qilingan.

Bundan tashqari, ular elektr tizimi ishdan chiqqan taqdirda, uni umumiy tizimdan o‘chirib qo‘yish imkoni bo‘lmaganiga diqqatni qaratishdi. 
 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid