O‘zbekiston | 11:44 / 02.12.2016
8392
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidenti saylovi Yevroparlament nigohida

Avval xabar qilinganidek, Strasburg shahridagi Yevropa parlamentida mamlakatimizning Fransiya, Belgiya va Germaniyadagi elchixonalari hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekistonda Prezident saylovi: Saylov kampaniyasi - 2016” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik jarayonlari, Prezidentlikka to‘rtta partiyadan ilgari surilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari hamda saylov qonunchiligini xalqaro huquqning umume'tirof etilgan me'yorlari va andozalariga mos holda takomillashtirish borasida olib borilgan ishlar bilan tanishgan Yevropa parlamenti a'zolari mamlakatimizda fuqarolarning muhim siyosiy huquqi - ovoz berish huquqining erkin amalga oshirilishi borasida erishilgan yutuqlar haqidagi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Mishel Danten, Yevropa parlamentining Fransiyalik  deputati:

- 4 dekabr kuni O‘zbekistonda mamlakatning to‘rtta siyosiy partiyasidan nomzodlar ishtirok etadigan Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Eng muhimi - ularning har biri aniq shakllantirilgan o‘z saylovoldi dasturiga ega.

Shubhasiz, ushbu saylov davlatning kelajagini belgilab beradi. O‘zbekiston va Fransiya  o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak baholayman va Prezident saylovidan keyin ham o‘zaro munosabatlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishini istardim. Shemberi shahrining meri sifatida ta'kidlashim joizki, biz O‘zbekiston bilan mustahkam iqtisodiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ushbu munosabatlarning yanada kengayishidan manfaatdormiz.

Antonio Mirinyu i Pintu, Yevropa parlamentining Portugaliyalik deputati:

- Bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik fuqarolarning saylov faolligi hamda ularning o‘z ovoz berish huquqlaridan erkin va ongli ravishda foydalanishga intilayotganlarini namoyon etmoqda.

Mamlakatingizda saylov kampaniyasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga hamda saylov jarayonlarining ochiq va halol o‘tishiga xizmat qiluvchi umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlar va demokratik tamoyillarga to‘la mos holda amalga oshirilayotgani juda muhimdir.

Shu munosabat bilan, o‘zbek xalqiga davlat rahbari lavozimiga saylovning muvaffaqiyatli o‘tkazib olishini va mamlakatingizda hamisha barqarorlik, tinchlik va hamjihatlik bardavom bo‘lishini tilayman.

Mavzuga oid