Jamiyat | 17:15 / 06.12.2016
5755
2 daqiqa o‘qiladi

Har to‘rtinchi italiyalikka qashshoqlik xavf solmoqda

Foto: RIA "Novosti"

Har to‘rtinchi italiyalikka qashshoqlik xavf solmoqda, deb xabar berdi Milliy statistika instituti (Istat).

Apenninlarda 2015 yili aholining 28,7 foizi faqirlik chegarasida yashagan. Gap 17,5 million kishi haqida ketmoqda. Bu ko‘rsatkich qashshoqlik bilan kurash Yevropa strategiyasida Italiyaning 2020 yili yetishi kerak bo‘lgan miqdoridan 4,5 milliondan ko‘proqdir, deb ma'lum qilishdi Istat mutaxassislari.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, eng og‘ir vaziyat mamlakatning janubiy hududlarida kuzatilmoqda. U yerda har ikkinchi fuqaroga qashshoqlik xavf solgan. Eng yuqori ijtimoiy xatar esa Sitsiliyada qayd etilgan bo‘lib, u yerda faqirlik aholining 55,4 foizi hayotida o‘z aksini topgan.

Save the Children xalqaro tashkiloti noyabrda “Bolalik xaritasi” tadqiqotini taqdim etdi. Unda ko‘rsatilishcha, ayni damda Italiyadagi har uchinchi bolaga qashshoqlik xavf solmoqda. 

Hisobot ma'lumotlariga ko‘ra, Apenninlardagi 40 foiz kambag‘al oilalarning balog‘atga yetmagan bolalari qishda sovuqdan aziyat chekadi. Bu ularning uylarida isitish tizimining yo‘qligi bilan bog‘liq. Mablag‘ yetishmovchiligi sabab esa har o‘ninchi italiyalik bola maxsus seksiyalarda sport bilan shug‘ullanish imkoniga ega emas. Har yigirmanchi bolaning esa uyida o‘yinchoq yo‘q.

Mavzuga oid