Jahon | 23:47 / 09.12.2016
7088
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada jamoat joylarida chekishni taqiqlovchi qonun qabul qilindi

Foto: Getty Images

Chexiya parlamentining quyi palatasi tomonidan qabul qilingan chekishni taqiqlash va yoshlarga alkogol mahsulotlarini sotishni cheklash to‘g‘risidagi qonun shuni ko‘rsatdiki, hukumat uchun tijoriy qiziqishlardan ko‘ra, sog‘lom kishilar muhim o‘rin tutadi. Bu haqda 9 dekabr kuni jurnalistlarga Chexiya bosh vaziri Boguslav Sobotka aytib o‘tgan.

“Biz hukumat Chexiyani o‘z fuqarolarining manfaatlarini himoya qiladigan va buni turli qiziqishlardan, jumladan, tijoriy maqsadlardan ustun qo‘yadigan madaniyatli davlatlar qatoriga kiritishga astoydil kirishayotganini ko‘rsatib berdik”, — dedi Sobotka.

9 dekabr kuni Chexiya parlamentining quyi palatasi uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng, 2017 yilning may oyidan boshlab kuchga kiradigan, jamoat joylari va jamoat transporti bekatlarida tamaki mahsulotlarini chekishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Qonunga muvofiq tamaki va alkogol mahsulotlarini yoshlar tadbiri o‘tadigan joylar va maktablar yaqinidagi avtomatlarda sotish ham taqiqlangan. Restoran va barlarning ochiq ayvonlaridagina chekishga ruxsat berilgan. Aeroportlar va yirik savdo markazlarida maxsus chekish joylari ochiladi. 

Qonunga ko‘ra, Elektron sigaretlar haqiqiylariga tenglashtirilgan. 18 yoshdan kichik bo‘lganlarga alkogol mahsulotlari sotgan tamaddixona egalariga qattiq jazo choralari qo‘llaniladi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid