Jahon | 23:12 / 11.12.2016
17546
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya hukumati Palmira qo‘ldan ketganini tan oldi

Suriya hukumati armiyasi IShID jangarilari siquvi ostida Palmira shahrini tark etdi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda Homs viloyati gubernatori Talal Baroziy "Al-Ixbariya" telekanalida ma'lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar yaqin vaqt ichida shahar ustidan nazoratni qaytadan qo‘lga kiritish uchun qaytadi. U hukumat qo‘shinlari chekinib, Palmira atrofida o‘rnashganini aytgan.

«Armiya terrorchilar Palmirani ushlab qola olmasligi uchun qo‘lidan kelgan ishni qilmoqda», — dedi Baroziy.

«Interfaks» agentligi Suriyadagi Tomonlarni yarashtirish markazidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Palmiraga jangarilarning 4 ming kishilik qo‘shini yopirilgan.

«Jangarilar katta qurbonlar va talofat berish evaziga shahar ichkarisiga joylashib olmoqda. Rossiya aviatsiyasi Palmiradagi tinch aholi vakillariga zarar yetkazmaslik uchun bu hujumga qarshi amaliyot o‘tkaza olmadi», — deyilgan xabarda.

11 dekabr kuni avvalida terrorchilar Suriyaning Tadmor shahrini egallagani va Palmiraga har tomondan hujum qilayotgani ma'lum bo‘lgandi.

Rossiya Mudofaa vazirligi jangarilar hujumiga qarshi amaliyotlar davomida 300 nafar jangari o‘ldirilgani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid