Jamiyat | 19:04 / 18.12.2016
10779
2 daqiqa o‘qiladi

Norveglar reklamasida rus suv osti kemasidan foydalanildi

Norvegiyada bepul e'lonlar sayti Rossiya harbiy-dengiz floti yordamida reklama qilindi. Rossiya suv osti kemasi obrazidan foydalanilgan bu reklama roligi Youtube’da paydo bo‘ldi.

Reklama roligida ikkita norvegiyalik qayiqda baliq ovlab o‘tiradi. Ulardan biri tutilgan baliqni joylashtirish uchun o‘zi bilan katta qizil muzlatgich olvolgan bo‘ladi. Unga sherigi "Bilasanmi, biz bu muzlatgich bilan cho‘kib ketamiz. Kel, uni yaxshisi internetda sotib yuboramiz", deydi va mobil telefonini olib, muzlatgichni suratga tushirib, suratni e'lonlar saytiga yuboradi. Shu zahotiyoq muzlatgichga xaridor ham topila qoladi: balichqilar ortidan rus suv osti kemasi suv sirtiga chiqadi. Unga ruschasiga "Lodka" deb yozib qo‘yilgan. Suv osti kemasining yurish uchun mo‘ljallangan ko‘prikchasida rossiyalik harbiy dengizchilar kiyimida kema kapitani tarjimon bilan birga paydo bo‘ladi. "Menga muzlatgich yoqdi", deydi kapitan ruschalab va matroslar muzlatgichni kemaga ortishadi. Baliqchilar esa "Sotildi" degancha quvonishadi. Reklama so‘ngida suv osti kemasi yana suv ostiga g‘arq bo‘lishdan oldin undan "Baliq tushyaptimi?" deb so‘rashadi. Baliqchilar esa "Yo‘q" deb javob berishadi. 

Ta'kidlash joizki, Norvegiya Rossiya bilan ham quruqlikda, ham dengizda chegaraga ega va baliqchilarning shimoliy dengizlarda harbiy dengizchilar bilan uchrashib turishlari kutilmagan holat hisoblanmaydi.

Mavzuga oid