O‘zbekiston | 10:27 / 19.12.2016
154294
2 daqiqa o‘qiladi

Viloyat hokimlari ishdan olinishining asosiy sababi ma'lum qilindi

O‘tgan haftada O‘zbekistonda birin-ketin to‘rt viloyat rahbari o‘zgardi – Toshkent, Sirdaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari hokimlari vazifasidan ozod etilib, ularning o‘rniga yangi hokimlar tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning feysbukdagi sahifasida hokimlarning almashinuvi sababi ma'lum qilingan.

«2 kunda 4ta viloyat hokimi ishdan olindi va virtual qabulxonadan kelayotgan murojaatlar bilan ishlash holati ularning eng asosiy kamchiliklaridan biri sifatida ta'kidlandi!», — deyiladi sahifada.

Ma'lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligini qabul qilganidan keyin virtual qabulxonasini ochgan edi. Virtual qabulxona faoliyat boshlaganidan 2 oy ichida, 25 sentabrdan 30 noyabrga qadar portalga 220 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Aksariyat murojaatlarda ko‘rsatilgan muammolar tez vaqt ichida samarali hal etilgan.

Shundan so‘ng Mirziyoyev barcha shahar va tumanlarda «xalq qabulxonalari» ochishni, barcha rahbarlardan «xalqqa yaqinroq bo‘lib, xalq dardiga quloq tutishni» talab qildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda «Davlat xizmati to‘g‘risida» qonun ishlab chiqarilmoqda, unga ko‘ra, o‘z vazifasiga layoqatli bo‘lmagan amaldorlar ma'muriy va jinoiy jazoga tortilishi mumkin. Yangi yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e'lon qilinishi ham ushbu yo‘nalishda hali ishlar davom ettirilishini anglatadi. Prezident bu dastur doirasidagi ishlar faqat 2017 yilda emas, keyingi 5 yilda ham davom ettirilishini aytib o‘tgan.

Toshkent viloyatiga yangi hokim tayinlandi

Sirdaryo viloyati hokimi o‘zgardi

Surxondaryo viloyatiga yangi hokim tayinlandi

Buxoro viloyatida hokim o‘zgardi

Mavzuga oid