Jahon | 08:23 / 22.12.2016
4408
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va Eron rahbarlari Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi

Foto: Google image

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev eronlik hamkasbi Hasan Ruhoniy bilan 22 dekabr kuniga rejalashtirilgan uchrashuvda Suriyadagi vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi. Eron prezidenti Ostonaga rasmiy tashrif bilan kelmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, uchrashuvda asosan tashqi siyosat masalalari haqida fikr almashiladi: Ostona Suriyadagi mojaro bo‘yicha tomonlar muzokara o‘tkazadigan joy sifatida ko‘rilmoqda. Qozog‘iston yetakchisi bu masalani Rossiya va Turkiya rahbarlari bilan muhokama qilib bo‘lgan. U maslahatlashuvlar tashkillashtirishga ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirgan. Endilikda esa bu g‘oya Eron prezidenti bilan ham bo‘lishiladi. U Suriya muammosini tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish tarafdori. Bundan tashqari, tomonlar mintaqadagi vaziyat, jumladan terrorizm va ekstremizm tahdidlari haqida ham suhbatlashishadi.

Eronning Qozog‘istondagi elchisi Mojtab Damirchiluning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, tashrif chog‘ida “iqtisodiy, sarmoyaviy, bojxona, kemalar qatnovi, madaniy va turistik sohalardagi hamkorlik bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan”.

Qozog‘iston Eronni muhim sherik sifatida ko‘radi va mamlakat bilan iqtisodiy aloqalar Tehronga nisbatan qo‘yilgan xalqaro sanksiyalar bekor qilingach bir qadar yaxshilandi. Nazarboyevning joriy yilning aprel oyida Islom Respublikasiga tashrifi davomida umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 66 hujjat imzolandi.

Damirchiluning ta'kidlashicha, “ko‘p tomonlama tranzit, savdo va sarmoyaviy loyihalarda hamkorlik qilish uchun ko‘plab imkoniyatlar bor. Ular Eron va Qozog‘iston mahsulotlarini uchinchi davlat bozorlariga yetkazib berish imkonini yaratadi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehronga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan munosabatlarni izga solish juda muhim. Unda ayni damda Qozog‘iston raislik qilmoqda. Ostona ko‘magida Eron va ittifoq o‘rtasida erkin savdo qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun maslahatlashuvlar boshlangan.

Ostonadagi uchrashuvda turizm masalasi ham keng muhokama qilinadi. “Biz Eron bilan turizm sohasidagi hamkorlikda katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz va o‘zaro loyihalar hamda dasturlarni, jumladan Kaspiy dengizida suv turizmini rivojlantirish bo‘yicha ham loyihani amalga tatbiq etish niyatidamiz”, - deya aytib o‘tgan Qozog‘iston investitsiyalar va rivojlanish bo‘yicha vazirligining turizm departamenti direktori Marat Igaliyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, viza tizimini yengillashtirish nafaqat sayohatchilarga, balki ishbilarmonlarga ham ko‘mak beradi.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid