Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar oqimini kuchaytirish uchun nima qilish zarur?
23 dekabrda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida xorijiy va mahalliy investorlar ishtirokida munozaralar davrasi tashkil etildi. Unda sarmoyadorlar duch kelayotgan muammolar va ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda Gazeta.uz sayti.
Yig‘ilishda, Oliy Majlis Senati a'zolari, iqtisodiyot va adliya vazirligi, Davlat soliq va bojxona qo‘mitalari, Markaziy Bank va Tashqi iqtisodiy aloqalar Milliy banki, Savdo-sanoat palatasi (SSP), idoralar va tashkilotlar, sug‘urta kompaniyalari va xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida tashkil etilgan korxonalar vakillari ishtirok etishdi.
Oshkora ruhda bo‘lib o‘tgan munozaralarga Senat raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va SSP raisi Alisher Shayxov moderatorlik qilishdi.
Investorlarning muammolari xususida, «Nestle O‘zbekiston» bosh direktori Sergey Tratsevskiy majlisda ishtirok etganlarni ushbu kompaniya bilan bog‘liq ikki hodisa misolida xabardor qildi.
«Namanganda "Nestle O‘zbekiston" zavodi bor, u sut va yog‘ ishlab chiqaradi. Rossiyadagi bir necha zavodimizga yog‘ kerak, biroq, biz mahsulotimizni u yoqqa eksport qila olmayapmiz, chunki o‘zbek tomoni bilan veterinariya ruxsatnomasi borasida kelisha olganimiz yo‘q», — deb hikoya qilgan kompaniya rahbari kuyunchaklik bilan.
Bundan tashqari, uning fikricha, O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilishni kuchaytirish lozim. Bu borada, Tratsevskiy «Nestle O‘zbekiston» savdo belgisidan ruxsatsiz foydalanish bilan bog‘liq mahkama jarayonini xotirladi. O‘shanda, ayni kompaniya ichimlik suvlari idishlariga tegishli tashqi ko‘rinishlar boshqa bir ichimlik suv ishlab chiqaruvchi kompaniya tomonidan ko‘r-ko‘rona ko‘chirilishiga bog‘liq hodisa yuz bergandi.
«Dastlabki sud qarori bizning foydamizga bo‘ldi. Biroq, Intellektual mulk bo‘yicha agentlik boshqa kompaniyani qo‘llab-quvvatladi. Biz, huquqiy va qonuniy usullardan foydalangan holda faoliyat yuritsak ham. Va nihoyat, so‘nggi sud instansiyasi biz tomonda turdi», — deb hikoya qilgan Sergey Tratsevskiy.
SGS rahbari Isroil Ahmadxo‘jayev esa, davlat organlari faol ishlashga naqadar tayyorliklari xususida to‘planganlarga murojaat qildi: «Hozir bo‘layotgan jarayonlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, — tayyorgarlik o‘rta darajada. Agar, bu miqdordagi yangi loyihalar, barcha sohalar bo‘yicha keng qamrovli va global anjumanlar, sanoatning qayta jihozlanishi haqida gapiradigan bo‘lsak, dastlab buning mexanizmini ishlab chiqishimiz kerak».
U misol sifatida O‘zbekistonning kichik va o‘rta biznes korxonalariga yetkazib beriladigan uskuna va qurilmalarni sertifikatlash masalasiga e'tibor qaratdi. Davlat idoralarining bunga naqadar shayligi, sertifikatlash tizimi yangi talablarga qanchalik moslasha olishi mamlakatga sarmoya kiritish yoki kiritmaslik masalasini hal etadi.
Isroil Ahmadxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, yirik investitsiya loyihalarining pudratchilari, jumladan Taxiatosh issiqlik elektrstansiyasi va Navoiy tog‘-kon metallurgiyasi kombinati investorlari o‘rnatilayotgan uskunalarni foydalanishga qanchalik tez ruxsat berilishidan manfaaatdordir. Bugungi kunda, «O‘zstandart» agentligi qachonlardir xorijda tasdiqdan o‘tgan sertifikatlangan mahsulot uchun agentlik mutaxassisining xorijga borib kelishi, vizasi, mehmonxonasini ta'minlashni talab qilmoqda. Shundan keyingina, sertifikatlash xususida yakuniy qaror qabul qilinadi. Bularning barchasi uskuna tannarxiga qo‘shiladi.
U proteksionizm siyosatini aniq belgilab olish va banklarga valyuta tushumi bo‘yicha qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilish imkonini berishga chaqirdi.
Ko‘rgazmalar tashkil etish bo‘yicha ITE Uzbekistan kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova dastlab, o‘zining xorijiy kichik korxonasini rivojlantirish uchun uning ishchilari sonini 100 nafarga yetkazish lozimligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holatda kompaniya yanada ko‘proq ishlay olishi va mintaqalarda ham o‘z shaxobchalarini ochishi mumkin bo‘lar edi.
Nigora Hasanova, shuningdek, banklar faoliyatini ham keskin tanqid qilgan. «“Ipak yo‘li” bankida xorijiy valyutada jamg‘arma hisob raqami ochishni rad etishdi. Ular so‘m talab qilishdi. Bizlar, xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazamiz, O‘zbekistonga taklif qilamiz, biroq, bank bizdan valyutani qabul qilishdan bosh tortadi. Mablag‘larimiz depozitda emas, foizlar to‘lanmaydi, biz hech narsa qila olmaymiz. Banklar bilan bog‘liq yana bir muammo, bu so‘mdagi naqd pul muammosi, aniqrog‘i uning yo‘qligi. Bizda ATM (kartochkadan naqd pul yechish imkonini beruvchi bankomat)lar yo‘q, plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirish imkoni yo‘q. Shu sababli, xodimlarimiz ishdan ketishadi», - degan Nigora Hasanova.
Kompaniya rahbari, shuningdek, investorlarga murojaat qilib, yangi, jahon andozalariga mos keluvchi ekspomarkaz barpo qilishni so‘radi. «Yangi, xalqaro darajaga mos keluvchi, garderoblari va me'yordagi xojatxonalari bo‘lgan ekspomarkaz kerak. Biz xorij kompaniyasini olib kelganda uyalmaylik. Hozirgi bizning ixtiyorimizdagi markaz — bu shunchaki monopoliya. Teatr garderobdan boshlanadi, ekspomarkaz esa davlat yuzi», - degan Nigora Hasanova.
Aurora Consulting asoschisi U Bin esa, o‘z navbatida, nima uchun xitoylik sarmoyadorlarning O‘zbekistonda faol emasligiga oydinlik kiritdi.
«To‘g‘risini aytaman, xafa bo‘lmanglar. O‘zbekiston bilan tanishganimdan so‘ng, bu ulkan salohiyatga ega buyuk davlat ekaniga iishonch hosil qildim. O‘ylaymanki, yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlari xitoylik sarmoyadorlar uchun katta imkoniyatlar ochadi. Biroq, kamchiliklarni ham qayd etmasligim mumkin emas. Xitoy — jahonning ikkinchi iqtisodiyoti, ammo, O‘zbekiston bozorida ular hamon kam. Bizlar yirik davlatmiz, lekin Xitoyda sizning davlatingiz haqida dastlabki ma'lumotni olish uchun O‘zbekiston haqida birorta kitob topa olmaymiz».
«Ko‘plab xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekistonni bilishmaydi. Boshqalar esa, Moskvadagi kabi — mafiya, banditlar bor, yana sovuq ham deb o‘ylashadi. Bizning tadbirkorlar, garchi uzoq bo‘lsa ham Afrikaga pul tikmoqda, ular shunchaki sizlarni bilishmaydi», — deb qayd etgan U Bin.
«Zaxiralar, ish kuchi, kommunal ta'minlanish sizlarda Xitoydagiga qaraganda ancha arzon. Nima uchun xitoyliklar bu haqda bilmaydi? Nima uchun sizlar tashviqot bilan shug‘ullanmaysizlar? Siz buni bizlarning davlat idoralarimiz orqali amalga oshirishingiz mumkin. Biroq, bunday anjumanlarni xo‘jako‘rsinga emas, sifatli tashkil etish lozim, chunki, shunday holatlar ham bo‘ldiki, tarjimonlar ma'lumotlarni investorlarga noto‘g‘ri yetkazishdi. Yana bir gap, xorijiy investorlarga maslahat beradigan davlat idorasini aniqlab olish kerak, — bizning odamlar investitsiya borasida kimga va qayerga murojaat qilishni bilmaydi. O‘zbekistondan Xitoyga mahsulot eksport qilish borasida ham katta imkoniyatlar bor. Oddiy misol, sizda ishlab chiqilgan vino 3 dollar turadi, bizda ayni brenddagi ichimlik 20 dollar. Biroq, hech kim bu bilan shug‘ullanmaydi, shug‘ullanayotganlar esa, raqobatdan qo‘rqib bu haqda gapirmaydi», — deya xulosa qilgan xitoylik investor.
BERNINA-TIKUVMASH kompaniyasi va Munitsipal iqtisodiyot va injiniring markazi vakili Bahodir Xo‘jayev mamlakatdagi investitsiya dasturlarini tubdan o‘zgartirishga chaqirgan.
«Har yili investitsiya dasturlari ishlab chiqamiz, biroq, uning YaIMdagi ulushini bilmaymiz. Har qanday sarmoyadorni, birinchi navbatda, korxonalar holatiga doir tahliliy axborot qiziqtiradi. U shunga qarab, pul tikish masalasini hal etadi. Bizning respublikada shu kabi ma'lumotlarni olish muammo, bunday axborotlar ikki yil avval e'lon qilinishdan to‘xtatilgan edi. Masalan, biz, shartli ravishda 2030 yilgacha mo‘ljallangan maktab dasturi haqida gapiradigan bo‘lsak, zarur bo‘ladigan jihozlar, inventarlar va shu kabilarga oid ma'lumotlarni ham taqdim etishimiz zarur. Sarmoyador nimanidir mo‘ljal olishi kerak», — deb qayd etgan Bahodir Xo‘jayev.
U, shuningdek, rejalashtirilayotgan loyihalarda suv ta'minotiga e'tibor berilmasligiga majlis ishtirokchilarining diqqatini qaratdi. «Mustaqillikning 25 yilida ichimlik suvi bilan ta'minlash dasturi doirasida 60 ming kmga yaqin suv quvurlari tarmog‘ini barpo etdik. Ammo, bugungi kunda, ularning yarmi, ayniqsa qishloq joylarda qarovsiz ahvolda. Respublikadagi suv bilan ta'minlash quvvatlaridan 33 foizga, oqova quvurlari imkoniyatidan 27−28 foizga foydalanilmoqda. Oqova suvlarning 2,5 mlrd kub metridan 1,5 mlrdi qayta ishlanmasdan yerga singib ketadi. Tozalash inshootlari deyarli ishlamayapti. Gaz va elektr ta'minoti bilan ham shu ahvol. 2012 yilda Iqtisodiy tadqiqotlar markazida o‘tkazilgan tadqiqotda 40 foiz tadbirkor infratuzilmalar holatidan nolishgan. Suv ta'minotini yaxshilash uchun, bizning hisoblarga ko‘ra, 3,5−4 mlrd dollar mablag‘ zarur, ammo biz ayni vaqtda buning uchun yiliga 100 mln dollar sarflayapmiz. Demak, to‘liq bajarish uchun 30−40 yil vaqt ketadi, bu vaqt ichida avvalgilari eskirib bo‘ladi».
«Bu muammoni hal etish uchun davlat va xususiy tadbirkorlar hamkorligini yo‘lga qo‘yish kerak. Dunyoda bu bozor (suv ta'minoti va oqova suv) 1 trln dollarni tashkil etadi. Rivojlangan mamlakatlarda bu bozor yetarli darajada rentabelli (daromadli) hisoblanadi. Biroq, bizda hamon ushbu sohaga xususiy tadbirkorlarni jalb etishni tartibga soluvchi qonun mavjud emas. O‘zbekiston kommunal tizimining egasi yo‘q, rasman u hokimiyatlarga tegishli».
Nihoyat, Bahodir Xo‘jayev tikuv uskunalari importiga doir mexanizmlarni soddalashtirishni so‘radi. Yangi texnologiyalar agentligi kichik oilaviy biznes yurituvchilar uchun mo‘ljallangan oddiy tikuv mashinalariga ham bir jild hujjatlarni talab qiladi.
Shuningdek, uchrashuvda xorijliklarning farzandlari uchun maktablarning yo‘qligiga e'tibor qaratilgan. Sarmoyadorlar o‘z mablag‘lari hisobidan shunday ta'lim maskanlari barpo etishni xohlashsa-da, byurokratik to‘siqlar mavjudligi bunga imkon bermayapti.
Anjuman ishtirokchilari, «chiqish vizasi» masalasini ham ko‘tarishgan: sarmoyadorlar uchun xorijga chiqish ruxsatini beruvchi stikerni 2 yildan besh yilga oshirish hamda kompaniya xodimlari uchun vaqtinchalik propiska muddatini uzaytirish takliflarini bildirishdi.
«KNAUF O‘zbekiston» vakili Jamshid Nurmuhammedov xorijga mahsulot olib chiqayotgan sarmoyadorlar uchun, soliq, boj va aksiz solig‘ining yanada shaffofligini ta'minlash maqsadida bojxona kalkulyatorini tashkil etish taklifini bildirdi.
Hokimiyat va biznes vakillari o‘rtasidagi uchrashuv yakuniga ko‘ra, har oyda shunday uchrashuv o‘tkazishga hamda sohalardagi mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha munozaralar o‘tkazishga kelishib olingan.
Mavzuga oid
10:15
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
23:44 / 13.06.2026
Turkiyada qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi ikki shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
12:12 / 09.06.2026
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
11:00 / 08.06.2026