Jahon | 19:57 / 01.01.2017
8178
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Pokiston yadro obektlari ro‘yxatlarini o‘zaro almashdi

Hindiston va Pokiston hukumatlari o‘rtasida 1 yanvar kuni 1988 yilgi kelishuvga muvofiq yadro obektlari hamda vositalari ro‘yxatlarini almashish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Hindiston TIV sayti xabar qilgan.

"Hindiston va Pokiston Nyu-Deli hamda Islomobodda diplomatik kanallar orqali aloqa bog‘lab, bir vaqtning o‘zida yadro obektlari ro‘yxatini almashdi. Bu jarayon yadro obektlariga hujumlar bo‘lish oldini olish maqsadida tuzilgan kelishuv asosida o‘tkazildi", - deyilgan xabarda.

Bu kelishuv ikki qo‘shni yadroviy davlatning bir-biriga har yilning 1 yanvar kunida o‘z hududlaridagi yadroviy obektlarning ro‘yxatini bu obektlarga hujumlar bo‘lmasligini ta'minlash uchun almashishini nazarda tutadi. Bu kelishuv Janubiy Osiyodagi xavfsizlikni ta'minlash maqsadida tuzilgandi. Shundan beri tomonlar 26 marta ro‘yxatlarni almashgan.

Ma'lumot uchun, hozirgi Hindiston va Pokiston 1947 yilda Britaniya Hindistoni parchalanishi ortidan yuzaga kelgandi. Biri induizm dinida, ikkinchisi islom dinida bo‘lgan bu ikki davlat munosabatlari doimo tarang bo‘lib qolmoqda: Hindiston va Pokiston o‘rtasida o‘tgan vaqt ichida 3 marta urush bo‘lib o‘tgan. 1998 yili rasmiy Nyu-Deli va Islomobod yadro qurolini sinovdan o‘tkazdi va Janubiy Osiyoda o‘ziga xos kichik "sovuq urush" boshlandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid