Jahon | 10:12 / 18.01.2017
10519
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda Trampning bolaligi o‘tgan uy sotuvga qo‘yildi

© AP Photo/Kathy Willens

Nyu-Yorkda AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bolaligi o‘tgan uy sotuvga qo‘yildi. Bu haqda The New York Times gazetasi xabar berdi.

1940 yilda Trampning otasi tomonidan qurilgan ikki qavatli uy Manxettendan 16 kilometr uzoqlikdagi Kuins tumanida joylashgan. Tramplar oilasi bu yerda bo‘lajak prezident 4 yoshga kirgunga qadar istiqomat qilgan.

Uyda beshta yotoqxona, to‘rtt vannaxona va qishki bog‘ bor. O‘tgan yilning dekabrida uni yakka tartibda imorat quruvchi Maykl Devis 1,4 million AQSh dollariga xarid qilgandi, biroq bir oydan so‘ng qayta sotib yuborishni ma'qul topdi.

Tramp esa o‘tgan yilning sentabrida NBC telekompaniyasi efirida bu uyni xarid qilish niyatida ekanini ma'lum qilgan. "Mening bolaligim juda yaxshi o‘tgan, - degan o‘shanda u. – Men uni sotib olishni xohlayman".

Ma'lumot uchun, saylangan prezidentning davlati unga asosan otasidan meros bo‘lib o‘tgan – katta Tramp Ikkinchi jahon urushi vaqtida Nyu-Yorkning Bruklin va Kuins tumanlarida arzon uy-joy qurish bilan shug‘ullangan. Tramp esa otasining biznesi yo‘nalishini o‘zgartirib, qimmatbaho ofis binolari, mehmonxonalar va golf-klublarga e'tibor qaratdi. Forbes jurnali ma'lumotlariga ko‘ra, milliarderning boyligi 3,7 milliard AQSh dollari atrofida baholangan. Shu bilan bir qatorda, saylangan prezidentning o‘zi mablag‘larini 10 milliard AQSh dollari atrofida, deya ma'lum qilgan.
 

Mavzuga oid