O‘zbekiston | 17:54 / 27.01.2017
11588
4 daqiqa o‘qiladi

Yuridik xizmatlarning moddiy ta'minoti yaxshilanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmatlar faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi va yuridik xizmatlar faoliyatidagi o‘zgarishlar 26 yanvar kuni Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan anjumanda muhokama qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Anjumanda qayd etilganidek, yuridik xizmat o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan tashkilotda albatta barcha ishlar qonun talablari asosida olib boriladi. Huquqbuzarliklarning oldi olinadi. Lekin amalda bu xizmatlar zimmalaridagi mas'uliyatini to‘laqonli bajara olmayotgani sir emas.  

Yuridik xizmat xodimlarining moddiy ta'minot darajasi ham mazkur sohaga oliy yuridik ma'lumot va amaliy tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni jalb qilishga to‘sqinlik qilgan. Bu esa yuridik xizmatlar ishining sifatiga salbiy ta'sir o‘tkazib kelgani bor gap. Buni quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi. Ayni paytda davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmat shtat birliklari soni 3,3 mingdan ortiq bo‘lsa-da, amalda faoliyat yuritayotgan yuristlar soni qariyb 2,6 ming nafarni tashkil etadi. 

Davlat rahbari qarorida ham yuridik xizmatlarni tashkil etishda tartib yo‘qligi va ular shtat birliklarida normativlar mavjud emasligi ta'kidlab o‘tilgan. Yuridik xizmatlar tomonidan huquqlarning amaliyotga mosligini o‘rganish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash bo‘yicha samarali ishlar olib borilmagan. Mazkur sohadagi ishlar huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan aniqlangan kamchiliklar va qonun buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha choralarni amalga oshirish lozimligini ko‘rsatdi.

Prezidentning yuridik xizmatlar faoliyatini yaxshilash to‘g‘risidagi 19 yanvarda qabul qilingan qarori davlat organlaridagi yuristlar rolini oshiradi. Endilikda buyruqlar, qarorlar, shartnomalar va boshqa hujjatlar loyihalari majburiy tartibda yuridik xizmatlar tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Yuridik xizmatlarning davlat organlari qarorlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar huquq va erkinliklariga ta'sir ko‘rsatuvchi xulosasining olinishi majburiy qilib belgilandi.

Davlat organlarida yuridik xizmat xodimlarini ishga tayinlash va vazifasidan ozod qilish uchun majburiy tartibda adliya organlari bilan kelishish shart.

Hujjatda yuridik xizmatlar xodimlari moddiy rag‘batlantirilishi ham belgilangan. Har bir chorakda ular sudda yoki sudgacha tartibda davlat organlari foydasiga undirilgan mablag‘larning 5 foizi miqdorida mukofotlanadi. Bundan tashqari, ularning mansab toifalariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda qo‘shimcha oylik ish haqi belgilanadi.

Yuridik xizmat xodimi sifatidagi faoliyat boshqa davlat organlari, jumladan, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi tuzilmalarga o‘tilganda, ish stajiga sinf unvoni va xizmat qilgan yillar uchun qo‘shimcha to‘lovlarni hisoblash va to‘lab berish uchun hisobga olinadi.  Mazkur mutaxassislik bo‘yicha uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan yuridik xizmatlar xodimlari amaliyotdan o‘tmagan holda advokatlik litsenziyasini olish bo‘yicha malaka imtihonida ishtirok etishlari mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid